AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Pushkin tavalludining 217 yilligi o`zgacha tarzda nishonlandi(Foto)

Joriy yilning 6 iyun kuni respublika hududlarida buyuk rus shoiri, dramaturg Aleksandr Sergeevich Pushkin tavalludining 217 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar bo`lib o`tdi. Bu haqda “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi axborot xizmatiga asoslanib, “Daryo” nashri xabar bermoqda

Tadbirlarda shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, talaba-yoshlar hamda Harakat faollari ishtirok etdi.

Tadbirlar doirasida dastlab Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston milliy kutubxonasida onlayn muloqot tashkil etilib, unda respublikaning barcha hududlaridan internet tarmoqlari orqali 400 dan ortiq savol kelib tushib, mehmonlar tomonidan ularga tegishli javob berildi.

Muloqot davomida zamonaviy rus tili asoschisi, buyuk rus shoiri, dramaturg va nosir Aleksandr Pushkin tavalludiga bag`ishlangan kitob-rasmli ko`rgazma ochildi. Ko`rgazmada shoirning bolalik, o`smirlik va yoshlik davri, o`qish va surgunlik yillari, uning o`limi tarixi va avlodlari haqida hikoya qiluvchi kitoblar namoyish etildi.

6 iyun – Pushkin tavalludi munosabati bilan shoir haykali oldida tantanali marosim o`tkazilib, uning poyiga gullar qo`yildi. Harakat tomonidan Pushkin tavalludi munosabati bilan o`tkazilgan tadbirlar Toshkent shahridagi Pushkin haykali atrofi, Talabalar shaharchasi, O`zbekiston Milliy kutubxonasi, Amir Temur xiyoboni, shuningdek, poytaxtning aholi gavjum joylarida o`tkazildi, savdo majmualarida san`atkorlar ishtirokida adib ijodidan mushoiralar va viktorinalar o`tkazildi, shoir ijodidan namunalar o`qildi.

    Boshqa yangiliklar