Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida sanoat kooperasiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o`tkazilayotgan videoselektor yig`ilishi ayni paytda davom etmoqda.
Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni qayd etdi.
“So`nggi besh yilda qishloq xo`jaligi sohasidagi islohotlarimiz samarasini berib, “Cotton Campaign” kuni-kecha O`zbekistonni “qora ro`yxati”dan chiqardi. Bu ham biz uchun juda katta imkoniyat, yangi bozorlar degani.
Buning hisobiga iste`mol mahsulotlarining xom-ashyosini olib kelib, ularni qayta ishlash orqali qo`shimcha 1,5 mlrd dollarlik mahsulotni bemalol eksport qilsa bo`ladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, xom-ashyoni olib kelib, tayyor mahsulot chiqargan va uni chetga sotadigan (bojxona hududida qayta ishlovchi) korxonalarga apreldan boshlab:
- eksportchilar uchun berilayotgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;
- loyihalari doirasida texnik-iqtisodiy asos, mahsulot sertifikati, bojxona to`lovlari ta`minoti talab etilmaydi;
- ruxsatnoma berish muddati 3 barobar qisqaradi, 1 yil davomida ishlab kelayotganlariga ruxsatnoma har bir kontraktiga emas, balki korxona faoliyatiga beriladi;
- olib kelgan dastgohlari uchun bojxona bojlari undirilmaydi.






