Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat.Alimov hududdagi 8-son tergov hibsxonasida bo`lib, u erda saqlanayotgan mahbuslarning sharoitlari bilan tanishdi.
Dastlab mintaqaviy vakil bilan yakkama-yakka tarzda uchrashmoqchi bo`lgan mahbuslar murojaatlari tinglandi. Mahbuslar Ombudsman vakilining apellyasiya sudi majlislarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi va sudlarda advokat ishtirokini ta`minlashda amaliy yordam ko`rsatilishini so`rashdi. Murojaatlar nazoratga olindi.
Muassasadagi oshxona ko`zdan kechirilganda tergov hibsxona boshlig`ining oylik tasdiqlangan menyusiga asosan hibsxonada saqlanayotgan mahkum va mahbuslarga taomlar tayyorlanib, oziq-ovqat mahsulotlari to`liq va taomnomaga mos berilayotgani ma`lum bo`ldi.
Tergov hibsxonasining ma`muriy binosida tergov harakatlari o`tkazish uchun bitta tergov xonasi ajratilgan bo`lib, ushbu xonaga videokamera o`rnatilgan.
Hibsxonadagi 2 ta advokat bilan uchrashuv xonalari kameradan holi bo`lib, advokatlar bugungi kunda muassasada saqlanayotgan shaxslar bilan hech qanday qarshiliksiz uchrashayotganligi aniqlandi.
Muassasadagi tibbiy bo`linmaga 10 ta shtat birligi ajratilgan bo`lib hozirgi kunda vakant o`rinlar mavjud emas. Tibbiyot xonalari qayta ta`mirlangan va to`liq tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Dori-darmon zaxirasi bo`yicha ham kamchilik aniqlanmadi.






