Yaqinda Sog`liqni saqlash vazirligida Fransiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim bilan bo`lib o`tgan muloqotda Fransiya sog`liqni saqlash tizimi boshqaruvida alohida o`rin tutuvchi “AP-HP” — davlat tibbiyot muassasalari assosiasiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish taklifi ilgari surilgan edi.
Bugun Sog`liqni saqlash vazirligida ushbu assosiasiya va vazirlik o`rtasida imzolangan anglashuv memorandumi almashildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumot uchun:
“AP-HP” nafaqat Evropa, balki butun dunyodagi eng yirik shifoxonalar tizimi hisoblanadi. U tibbiyotning 52 yo`nalishi bo`yicha innovasion echimlar asosida faoliyat olib boradi. Assosiasiyaga qarashli 44 ta shifoxonada 90 ming nafardan ziyod xodim yiliga 5,8 million nafardan ortiq bemorga xizmat ko`rsatadi.
Hozirgacha “AP-HP” jahonning 68 ta mamlakati bilan shartnoma tuzib, hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ygan. O`zbekiston ana shu davlatlarning oltmish to`qqizinchisi bo`ldi.
E`tiborli tomoni, shu paytgacha O`zbekiston va Fransiya sog`liqni saqlash vazirliklari o`rtasida bu ko`lamdagi kelishuv bo`lmagan. Ushbu memorandum esa bu sohada yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Qayd etilganidek, anglashuv memorandumi asosida yurtimiz tibbiyot xodimlarini Fransiyada o`qitish va malakasini oshirish amaliyoti keng yo`lga qo`yiladi. O`z navbatida, fransuz shifokorlari mamlakatimizga kelib, bilim va tajribalari bilan o`rtoqlashadi. Davolash-profilaktika muassasalarimiz moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizasiya qilishga yaqindan yordam beradi.
Kelgusida O`zbekistondagi shifoxonalardan birini Fransiya mutaxassislari bilan birgalikda boshqarish tajribasini sinovdan o`tkazish ham ko`zda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda tibbiy sug`urta, pediatriya, akusherlik-ginekologiya, gematologiya, onkologiya, oftalmalogiya kabi qator yo`nalishlarda o`zaro aloqalarini kengaytirish masalalari o`z aksini topgan.
Hamkorlik doirasida yurtimizda shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, tibbiyot xodimlarini lisenziyalash va sertifikatlash tizimini joriy etish, tibbiy ta`lim sifatini oshirish borasida ham Fransiyaning ilg`or tajribasi o`rganiladi va ommalashtiriladi.
Bundan tashqari, sog`liqni saqlash sohasiga boshqaruv menejmenti tamoyillarini keng tatbiq etish, farmasevtika sanoatini rivojlantirish va bu tarmoqqa investisiyalar kiritish, sanitariya xavfsizligi yo`nalishlarida ham “AP-HP” bilan mustahkam aloqalar yo`lga qo`yiladi.






