AsosiyJamiyat

O`zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib "ish" qilib yurgan shaxsga hukm o`qildi

'O`zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib "ish" qilib yurgan shaxsga hukm o`qildi'ning rasmi

Avvalroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Facebook” ijtimoiy tarmog`ida Murod Mo`minov profili ostida o`zini barchaga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, aldov yo`li bilan noqonuniy daromad qilayotgan shaxs qo`lga olingani haqida xabar bergan. Ayni paytda agentlik Matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur shaxsga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni o`z yakuniga etdi.  

Aniqlanishicha, ushbu shaxs o`zganing mulkini aldash yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida dastlab 2019 yil avgust oyida fuqaro D.S.ning ishonchiga kirib, bankdan 1.5 mlrd AQSh dollarlik kredit olish evaziga katta biznes boshlamoqchi ekanligi va  bu biznesida uni o`ziga ish boshqaruvchi sifatida ishga olishini va`da berib, kreditning birinchi to`lovi uchun undan 110 mln so`m miqdorida qarz so`raydi.  

2020 yil 22 yanvar kuni  notarial tartibda  tuzilgan o`zaro qarz shartnomasida M.Mo`minov ushbu mablag`ni 2020 yil 23 avgust kuniga qaytarishni, aks holda o`zi boshqarib yurgan “Captiva” rusumli avtomashinani D.Sning nomiga rasmiylashtirib berishni qayd etadi. Shunga qaramay, M.Mo`minov va`dasini bajarmay, pullarni o`z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi va  mashina ham aslida o`zganing nomida ekanligi ma`lum bo`ladi. 

2019 yilning oktyabr oyida M.Mo`minov o`zining jinoiy harakatlarini yana davom ettirib, firibgarlikka takroran qo`l uradi. Bu gal u fuqaro N.S.ga o`zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, avtomashina va uy olib berishni va`da qilib, undan 11.000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag`larini aldov yo`li bilan qo`lga kiritadi.  

Ma`lum bo`lishicha, M.Mo`minov Agentlik tomonidan o`tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida ishtirok etib, ushbu tadbirlar yuzasidan Internet tarmog`ida berib borilayotgan foto-video lavhalarni o`ziga saqlab olgan. Mazkur ma`lumotlarni atrofidagilarga ko`rsatish orqali o`zini Agentlik xodimi ekanligiga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u “Facebook” ijtimoiy tarmog`ida profil ochib, o`zining Agentlikdagi ish faoliyati to`g`risida yolg`on ma`lumotlarni joylashtirib kelgan.

Bunday firibgarlikdan jabrlangan fuqaro N.S. M.Mo`minovga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini so`rab, Agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qildi. Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar idorasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi. 

Sud hukmiga ko`ra, M.Mo`minov O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b"-bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud qarorida M.Mo`minovdan jabrlanuvchi D.S.ning foydasiga 110 mln so`m, N.Sning foydasiga esa 130 mln so`m undirilishi belgilandi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi barcha fuqarolarni bu kabi firibgarlar tuzog`iga tushib qolmaslik va ularning aldovlariga ishonib qolmaslik uchun ogohlikka chaqiradi. 

 

    Boshqa yangiliklar