“Toshkent-O`sh” avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovoni qismida avtomobil yo`lining xavfli hududlari “Qamchiq” Maxsus, qidiruv, yong`in-qutqaruv boshqarmasi, “Qamchiq” qor ko`chkisini kuzatish stansiyasi, geologik xavfli jarayonlarni kuzatish “Farg`ona” stansiyasi, “Qamchiqavtoyo`l” xodimlari bilan hamkorlikda o`rganib chiqildi, deya xabar bermoqda FVV matbuot xizmati.
O`rganish natijalariga ko`ra soat 7:30 larda A-373 “Toshkent-O`sh” avtomobil yo`lining 229,8 km hududida, avtomobil yo`lidan 80-100 metr uzoqlikda tog` yonbag`irliklaridan 300 ming metr/kub hajmda qor ko`chkisi sodir bo`lib, qor massalari “Qamchiqsoy” soyi o`zaniga tushgan.
Shuningdek, “Toshkent-Vodiy” avtomobyuil yo`lining 6 ta joyida tosh-tuproq massasi o`pirilishi sodir bo`lib, yo`l chetdagi handaqqa (kyuvetga) tushgan.
Bundan tashqari nomustahkam tosh massalari avtomobil yo`lining 251,7 km, 260 km oraliqlarida avtomobil yo`liga tushishi mumkin bo`lgan xududlar aniqlandi.
Hozirda xavfli xududlarda tosh massalarini majburiy tushirish bo`yicha “Qamchiq” Maxsus qidiruv, yong`in-qutqaruv boshqarmasi, “Qamchiqavtoyo`l” hamda Yo`l-harakati xavfsizligi xodimlari bilan hamkorlikda tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Dovon yo`lida sodir bo`lgan geologik va gidrometeorologik xodisalar natijasida jabrlangan va jaroxat olganlar yo`q.
Eslatib o`tamiz, Dovon yo`li yopilishi munosabati bilan Angren shahrida joylashgan “Angrenlend” oshxonasida shtab ish faoliyatini boshladi.






