“Tez yordam” xizmati — tibbiyotning eng muhim bo`g`ini. Ayniqsa, murakkab pandemiya sharoitida, xususan, koronavirusning “omikron” shtammi keng tarqalgan 2022 yilning dastlabki oylarida bu yanada yaqqol namoyon bo`ldi. “Tez yordam”ga kelib tushgan chaqiriqlar soni ham buni tasdiqlaydi.
Sog`liqni saqlash vazirligi bergan raqamlar, 2022 yilning yanvar-fevral oylarida mamlakatimiz bo`yicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 2 million 42 ming 481 ta chaqiriq kelib tushganini ko`rsatmoqda.
Eng ko`p murojaat Farg`ona (236 393 ta), Andijon (216 359 ta), Toshkent shahri (213 315 ta) hamda Toshkent viloyatida (206 134 ta) qayd etildi. Eng kam chaqiriq esa Jizzax (79 449 ta), Sirdaryo (70 522 ta) hamda Navoiy viloyati (62 639 ta) hissasiga to`g`ri keldi.
2022 yilning o`tgan ikki oyi davomida eng ko`p kunlik chaqiriq 16 yanvarga to`g`ri kelib, shu kuni Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga bo`lgan jami murojaatlar soni 46 ming 613 tani tashkil etdi. Eng kam kunlik chaqiriq esa 2022 yil 17 fevralda qayd etilib, mazkur sanada “103” xizmati jami 28 ming 960 ta chaqiriqni qabul qildi.
O`tgan yilning yanvar va fevral oylarida yurtdoshlarimizdan tez tibbiy yordam xizmatiga jami 1 million 764 ming 642 ta chaqiriq kelib tushgan edi.
“103” xizmatini barcha qulayliklarga ega bo`lgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan ta`minlash borasidagi keng qamrovli ishlar natijasida “Tez yordam”dagi reanimobil mashinalar soni bugungi kunga kelib, 442 taga etdi. Bu, o`z navbatida, tizimning operativligi, natijadorligi hamda tibbiy xizmat sifatining yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda" deyiladi SSV xabarida.






