Turkiya hukumatining taklifiga binoan 2022-yil 10-13-mart kunlari O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegasiya Antaliya shahrida bo`lib o`tayotgan Diplomatik forum ishida ishtirok etmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
“Afg`oniston: yangi voqeliklarga qanday munosabatda bo`lish kerak?” panel sessiyasida so`zga chiqqan Vazir qo`shni Afg`onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o`rnatish, afg`on xalqiga insonparvarlik yordami ko``rsatish, gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida Afg`onistonda yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirish borasidagi mamlakatimiz sa`y-harakatlari haqida forum ishtirokchilariga ma`lumot berdi.
Xalqaro hamjamiyatning Afg`onistonni iqtisodiy tiklash, mintaqaviy integrasiya jarayonlariga jalb qilish bo`yicha faol choralar ko`rishi zarurligi ta`kidlandi.
Forum doirasida “Yangi Osiyo: barqaror mintaqaviy o`sish uchun” mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi. Unda Abdulaziz Kamilov asosiy ustuvor yo`nalishi Markaziy Osiyo etib belgilangan O`zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo`nalishlari va erishilgan natijalari to`g`risida ma`lumot berdi.
Vazir xalqaro va mintaqaviy miqyosda kuzatilayotgan siyosiy-diplomatik tendensiyalar haqida gapirar ekan, faqat oqilona murosaga asoslangan diplomatiya barcha tomonlar manfaatlarini birdek qanoatlantirishi mumkinligini ta`kidlagan.
O`zbekiston ham Markaziy Osiyo davlatlari, ham Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasida o`zaro aloqalarni o`rnatishdan manfaatdor ekani haqida ma`lum qilingan.






