Qirg`iziston va Tojikiston delegasiyalari o`rtasidagi muzokaralar natijasida ikki davlat harbiy xizmatchilariga qurol ishlatish taqiqlandi, faqatgina tomonlarning qonun hujjatlari talablarida nazarda tutilgan hollarda o`t ochish mumkin. Bu haqda Qirg`iziston Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasi Chegara xizmatiga tayanib «24.kg» yozadi.
Xabarda aytilishicha, tomonlar chegara xavfsizligini ta`minlash bo`yicha turli masalalarni ko`rib chiqqan, ammo birgalikda qo`riqlanadigan chegara hududida noxush hodisalar sonining ko`payishiga alohida e`tibor qaratgan. Ikki davlat chegara vakillari chegaraning muvofiqlashtirilmagan uchastkalari bilan bog`liq muammolarni qayd etgan.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- ikki davlatning chegaradosh hududlarida noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan o`zaro hamkorlik va sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo`yicha hukumatlararo kelishuv hamda protokollarni amalga oshirish bo`yicha qat`iy choralar ko`rish zarur;
- ikki respublikaning chegara vakillari harbiy xizmatchilar o`rtasida chegarada ko`ngilsiz voqealar sodir bo`lgan taqdirda provokasiyalarga berilmaslik, chegaradagi vaziyatning keskinlashuviga hissa qo`shayotgan shaxslarning buzg`unchi harakatlariga qat`iy chek qo`yish shartligini ta`kidlagan holda tushuntirish ishlarini olib borishi kerak;
- ziddiyatli vaziyatlarni oldindan ko`ra bilish va oldini olish uchun tomonlarning chegara vakillari doimiy ravishda mavjud vaziyat to`g`risida ma`lumot almashishi kerak;
- ikki davlat harbiy xizmatchilariga qurol ishlatish taqiqlanadi, har ikki tomon qonun hujjatlari talablarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- qirg`iz-tojik chegarasidagi barcha harbiy xizmatchilar chegara qo`shinlarining o`zini tutish talablariga qat`iy rioya qilishi shart.
Muzokaralar 12 mart kuni «Guliston avtomobil yo`li» nazorat-o`tkazish punktida bo`lib o`tgan.






