AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Germaniya prezidentlari telefon orqali muloqot qilishdi

'O`zbekiston va Germaniya prezidentlari telefon orqali muloqot qilishdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 mart kuni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi.

O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat o`rtasidagi diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini tabriklab, samimiy istaklarini bildirdilar.

Ushbu tarixiy davrda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish borasida birgalikda katta ishlar qilingani, o`zaro ishonch va sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Etakchilar O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi amaliy hamkorlik holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar, turli darajalarda muntazam siyosiy muloqot va faol aloqalarni davom ettirish muhim ekanini ta`kidladilar.

Germaniyaning etakchi kompaniya va banklari bilan savdo, investisiyalar, yuqori texnologiyalar, sanoat, qishloq xo`jaligi va boshqa sohalarda qo`shma kooperasiya loyihalarini ilgari surishga alohida e`tibor qaratildi.

Moliyaviy-texnik ko`makni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni, eng avvalo, O`zbekistonda nemis tilini chuqurlashtirilgan o`qitish sohasida kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Prezidentlar xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo`l qo`ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa`y-harakatlarni davom ettirish zarurligi ta`kidlandi.

Telefon muloqoti har doimgidek ishonch ruhida va do`stona muhitda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar