Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 14 mart kuni iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformasiya qilish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lumki, mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, raqobat muhitini yaxshilash maqsadida davlat korxonalari transformasiya qilinmoqda. Yig`ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, 25 ta davlat korxonasida operasion samaradorlikni oshirishda sustkashlikka yo`l qo`yilgani ko`rsatib o`tildi. Hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.
Transport sohasidagi ishlar holati ham ko`rib chiqildi. Tranzit yo`lovchilar oqimini oshirish, charter parvozlarga ruxsat berish tizimini soddalashtirish, mahalliy aeroportlarni mintaqaviy tranzit xabiga aylantirish choralari belgilandi.
“O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi erkin raqobat sharoitida ishlash uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishi, aviachiptalar narxining oshishiga yo`l qo`ymaslik zarurligi ta`kidlandi.
Shuningdek, yig`ilishda iqtisodiyotda joriy yilning birinchi choragi yakunida kutilayotgan natijalar tahlil qilindi. Yangi korxonalarni foydalanishga topshirib, ish o`rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Hokimlar va tarmoq rahbarlariga iqtisodiy asoslanmagan loyihalarning ilgari surilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha ko`rsatma berildi. Mutasaddi idoralarga ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, investisiya loyihalarining bozor iqtisodiyoti talabiga javob berishini o`rganish vazifasi qo`yildi.
Eksport masalalari muhokama qilinar ekan, tashqi bozordagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib, transport va logistika masalalarini hal etish, eksport geografiyasini kengaytirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimlari oziq-ovqat xavfsizligini va bozorlarda narx-navo barqarorligini ta`minlash bo`yicha vazifalar ijrosi to`g`risida axborot berdi.
Jumladan, Farg`ona va Surxondaryo viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi eksport yo`nalishlarini ochish va aholi bandligini ta`minlash chora-tadbirlari yuzasidan viloyat hokimlarining hisoboti eshitildi.






