AsosiyJamiyat

Tinimsiz yog`ayotgan yomg`ir qishloq xo`jaligi mahsulotlariga zarar bermaydimi?

'Tinimsiz yog`ayotgan yomg`ir qishloq xo`jaligi mahsulotlariga zarar bermaydimi?'ning rasmi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xodjayeva ishtirokida yog‘ingarchilikning qishloq xo‘jaligi ekinlariga ta’siri haqida brifing bo‘lib o‘tdi.

O‘zgidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotlariga tayanib brifingda qayd etilishicha, mart oyining ilk o‘n besh kunligida ketma - ket yog‘ingarchiliklar bo‘lishi hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida 12-15 mm, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 18-20 mm, respublikaning qolgan hududlarida 20-40 mm, tog‘li va tog‘oldi hududlarda 50-60 mm dan ortiqroq yog‘ingarchilik kuzatildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda davom etayotgan yog‘ingarchilik qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirishga, chorva uchun tabiiy ozuqa bazasini yetarli bo‘lishiga zamin yaratadi. O‘simlikka berilgan azotli, fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar ham yomg‘ir ko‘p bo‘lganda yaxshiroq so‘riladi. Shuningdek, lalmikor hududlardagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi.  

Ahamiyatlisi, g‘alla maydonlarining har gektariga bir marta sug‘orish uchun sarflanadigan 750-900 metr kub suv iqtisod qilinadi. Buning hisobiga suv omborlariga yillik iste’mol uchun suv zahiralari yig‘iladi.

BUGUNGI OB-HAVONING EKINLAR UCHUN ZARARI HAM BORMI?

Seryog‘inlikning ham qator zararlari bor. Jumladan:  

ozuqa yetarli bo‘lmagan maydonlarda nihollarning rivoji susayadi, hatto sarg‘ayib ketish extimoli mavjud.

erta bahorda havoning nisbiy namligi 60 foizdan yuqori bo‘lib, o‘rtacha kunlik havo harorati 7-15daraja iliq bo‘lganda, sariq zang kasalligi, agar ushbu namlikda o‘rtacha kunlik havo harorati 15-25 daraja bo‘lganda esa qo‘ng‘ir zang kasalligi keng tarqalishiga sharoit yaratiladi.

Seryog‘in kelgan yillarda ekinzorlarda zamburug‘li kasalliklar keng tarqalishi ko‘p yillik tajribalarda kuzatilgan.

Shuningdek, tuproqda namlikning me’yordan ko‘p to‘planishi paxta ekiladigan maydonlarda tuproqning namlik rejimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, chigit ekish uchun kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda yerda namlik zahirasi oshib, chigitni tuproqning tabiiy namligida undirib olish imkonini beradi.

Matbuot kotibi izohiga ko‘ra, tinimsiz har kuni yog‘ayotgan yomg‘ir bugungi kunda gullash fazasiga kirgan o‘rik, shaftoli, bodom bog‘lari hosildorligiga zarar yetkazmaydi. Faqat changlanish muddatini sekinlashtirishi mumkin.

Qolgan mevali bog‘larimiz bugungi kunda gullash fazasida emasligi sababli zarari kuzatilmaydi.  

Foydali tomoni oxirgi 2020- 2021 yilda yangi barpo etilgan 88 ming gektar mevali bog‘lar va 75 ming gektar uzumzorlarga tuproqdagi namlik hisobiga ildiz tizimi yaxshi rivojlanishiga katta foydasi bor. Ayniqsa lalmi yerlarda parvarishlanayotgan bog‘larning yer osti suvlarining zahirasi ta’minlanadi.

Farida Igamberiyeva

    Boshqa yangiliklar