2021 yilning 13 sentyabr kuni Toshkentda 29 yoshli dzyudo va kurash bo`yicha jahon chempioni Kamoliddin Rasulov boshqa bir chempion yigit tomonidan pichoqlab, o`ldirilgan edi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudida sudya Xusan Hamidov raisligida mazkur jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlarining rasmiy kanalida xabar qilindi.
Ma`lum qilinishicha, sudlanuvchi yoshligidan dzyudo sport turi bilan shug`ullanib kelgan. U o`zi bilan birga sport mashg`ulotlarida ishtirok etib kelgan tanishi – Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan sportchining tavsiyasiga ko`ra, sportda yuqori natijalariga erishish uchun undan dori vositasini sotib oladi. Uni iste`mol qilishni boshlaganidan keyin sog`lig`ida o`zgarishlar bo`lib, turli ichki a`zolarida paydo bo`lgan og`riqlar va sog`lig`ining yomonlashuvini unga ushbu dori vositasini sotgan va ko`proq miqdor (doza)da iste`mol qilishini tavsiya qilgan qashqadaryolik sportchidan ko`rib, unga nisbatan nafrati uyg`ongan.
So`ng sudlanuvchi sog`lig`ini tiklash uchun turli shifokorlarga murojaat etib, ijobiy natijaga erisha olmaganligi va sport bilan shug`ullana olmasdan, ushbu dard uni o`limi bilan yakunlanishini o`ylab tushkunlikka tushib qolgan. O`zini shu ahvolga tushishiga sababchi deb bilgan qashqadaryolik sportchini ham yashashga haqqi yo`qligi to`g`risida fikr yuritib, uni qasddan o`ldirishni va shu yo`l orqali undan qasos olishni maqsad qiladi.
Natijada sportchiga qo`ng`iroq qilib, uchrashib gaplashib olishi zarurligini bildiradi. Uni o`zi yashab kelayotgan Uchtepa tumaniga taklif qiladi. Uyidan o`zi bilan oshxona pichog`ini olib, ushbu pichoq bilan qurollangan holda uyidan chiqadi. Turmush o`rtog`i bilan avtomashinada avtobuslar to`xtash joyi manziliga etib kelgan qashqadaryolik sportchini kutib olib, tibbiy asoslanmagan holda uni sog`lig`ini buzilishida sababchi ekanlikda ayblab, jamiyatga va umum e`tirof etilgan axloq qoidalariga ro`y-rost hurmatsizlik qiladi. Arzimagan sabab tufayli jamoat joyida uni qasddan o`ldirish maqsadida, ularga qarab turgan qashqadaryolik sportchining turmush o`rtog`ining ko`z o`ngida o`ta shavqatsizlik bilan o`zining yonida bo`lgan oshxona pichog`idan jinoyat quroli sifatida foydalanadi. Ushbu pichoq bilan sportchining hayoti uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohati etkazgan.
Olgan tan-jarohati natijasida, sportchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jarroxlik bo`limida tez-tibbiy yordam ko`rsatilishiga qaramasdan vafot etgan.
Sud hukmi bilan Jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o`ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o`ldirish) bilan aybli deb topilgan shaxs 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi






