"Amirsoy" tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo`lida me`yoridan ko`p yog`ingarchilik yog`ishi natijasida sodir bo`lgan tuproq ko`chishi bartaraf etildi.
Mutaxassislarning ma`lumot berishicha, Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanida joylashgan “Tyan-Shan” tog`-tizmasining “Amirsoy” tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi yo`lning 34-piketida kuchli yomg`ir yog`ishi oqibatida erning loy holatiga kelishi va ko`chish hodisasi sodir bo`lgan.
Hodisa oqibatlari tuman hokimligi, FVB, YHXB hamda tuman “Yo`llardan foydalanish” unitar korxonasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalaridan foydalangan holda bartaraf etildi.
Ayni paytda mazkur hududda transport vositalarining harakati tiklandi.






