AsosiyJamiyat

O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupova vafot etdi

'O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupova vafot etdi'ning rasmi

O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupova 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zbek Milliy Akademik drama teatri xabar qildi.

O`zbek Milliy Akademik drama teatri bugun salohiyatli ijodkorini, yorqin iste`dod vakilini yo`qotdi.  

Ustoz san`atkor, o`zbek teatr va kino san`atining yirik namoyondasi, o`zbekning atoqli va ardoqli ijodkori, o`z ijodiy uslubiga ega aktrisa, yurtning duogo`y onaxoni, samimiy va kamtarin inson, O`zbekiston xalq artisti To`tixon Yusupova tabarruk 86 yoshda bandalikni bajo keltirdi.  

Allohning irodasi ekan, To`tixon onamizning ortidan qoluvchilarga O`zi chiroyli sabr bersin. Rahmatlining oila a`zolariga, barcha yaqinlariga ta`ziya bildiramiz. Alloh marhumaning manzil-makonini shoistai jannat qilib, oxirat saodatiga etkazsin, —deyiladi xabarda.

Ma`lumot uchun, To`ti Yusupova 1936 yilning 10 mart kuni Samarqand viloyatida tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. 1957 yildan o`zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan. Teatr sahnasida Hafiza (Abdulla Qahhor, «Shohi so`zana»), Sonya (A.Chexov, «Vanya tog`a»), Qorasoch (Uyg`un, «Shubha»), Hojar (A.Qahhor, «Tobutdan tovush»), Nuri (Oybek, «Qutlug` qon»), Ona (E’ Robles, «O`limdan kuchli»), Xonzoda (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Shafaq (M. Karim, «Oy tutilgan tunda»), Rahima (O`. Umarbekov, «Komissiya»), Sotti (S.Ahmad, «Kelinlar qo`zg`oloni»), Fotima, Zebi (O`.Umarbekov, «Shoshma quyosh», «Qiyomat qarz»), Nodira (T.To`la, «Nodira»), Mastura (Hamza, «Paranji sirlari») kabi turli qahramonlar obrazini yaratdi. Shuningdek, aktrisa kinoda samarali faoliyat yuritgan.

To`ti Yusupova 1994 yilda O`zbekiston xalq artisti unvonini olgan, 2020 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

2021 yil yozida ham aktrisaning vafoti haqida xabarlar tarqalgan, keyin bu xabarlar tasdiqlanmagandi.

    Boshqa yangiliklar