Sal avval Sirdaryo viloyatida aholi yashash punktlarini suv bosgani haqida xabar berilgan edi.
Ayni paytda FVV Matbuot xizmati xabar berishicha, yuzaga kelayotgan surunkali yog`ingarchiliklar tufayli Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi xo`jaliklararo kollektorining Baxt shaharchasi hududidan oqib o`tuvchi qismida suv sathining me`yoridan oshib ketishi kuzatildi.
Natijada qishloq xo`jaligining shudgor erlariga, mahallalar va aholi yashash xonadonlariga, xususan, Baxt shahri “Xazina” MFYning “Xamiyatli” ko`chasida 21 ta, “Tarovatli” ko`chasida 7 ta, “Ulug` yo`l” ko`chasida 35 ta, “Peshqadam” ko`chasida 12 ta, “Yangi qurilish” ko`chasida 27 ta xonadonga suv kirgan.
Zudlik bilan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Baxt shahri IIBda tezkor shtab tashkil etilib, tuman hokimligi, FVB, IIB, MG xodimlari va mahalla vakillaridan iborat 3 ta ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tomonidan suv toshgan xonadonlar aholisini xavfsiz hududlarga ko`chirish haqida ogohlantirish xatlari berilib, “Xazina” MFYdan 20 ta xonadonda yashovchi 68 nafar fuqaro vaqtinchalik yaqin qarindoshlari xonadonlariga ko`chirildi. Ko`chirilgan aholi uchun tibbiy va boshqa ta`minot tadbirlari tashkil etildi.
Yuzaga kelgan suv toshish oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Avtoyo`l xizmati, Suv xo`jaligi vazirligi viloyat tuzilmalari kuch va vositalari jalb qilingan.
Shuningdek, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida Maxsus vazifalar bo`yicha respublika qutqaruv markazidan qutqaruvchilar etib borgan. Bundan tashqari, Jizzax va Toshkent viloyatlari FVBlaridan qo`shimcha kuch va vositalar safarbar etilib, hozirda suvni chiqarish ishlari olib borilmoqda.






