Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish doirasida bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 1975 yilda Shahrisabz tumanida tug`ilgan “Q.G`.” 2017-2020 yillarda Rossiya Federasiyasida ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi (DEO) a`zolari ta`siriga tushib, ularni qo`llab-quvvatlaydi. Doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin, o`z atrofidagilarga ushbu oqim g`oyalarini targ`ib qiladi hamda 6 kishidan iborat noqonuniy guruh tashkil etadi.
Boshqa holatda esa 1995 yilda Kasbi tumanida tug`ilgan “T.M.” 2016-2021 yillarda mehnat migranti sifatida Moskva shahrida bo`lgan davrida diniy-ekstremistik va aqidaparstlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni ko`rib, ekstremistik oqim tarafdorlari ta`siriga tushib qoladi. Doimiy yashash manziliga qaytganidan keyin, ekstremistik mazmundagi materiallarini yaqin aloqlariga targ`ib qiladi. Shuningdek, u kelgusida uylanganidan so`ng, turmush o`rtog`i bilan birga Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga borib qo`shilishni rejalashtiradi.
Bundan tashqari, Mirishkor tumanida yashovchi, 1996 y.t. “T.J.” “Telegram” messenjerida profil ochib, u orqali DEO a`zolari tomonidan tayyorlanib, xalqaro internet tarmog`iga joylashtirilgan aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni virtual guruhdagi do`stlariga tarqatadi hamda ular bilan o`zaro muhokama qiladi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari doirasida, ularning boshqa aloqalarini aniqlash bo`yicha ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.






