AsosiyJamiyat

Dunyoda koronavirusga chalinish holatlari 8 foizga oshdi, o`lim ko`rsatkichlari esa keskin kamaydi

'Dunyoda koronavirusga chalinish holatlari 8 foizga oshdi, o`lim ko`rsatkichlari esa keskin kamaydi'ning rasmi

Kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti er yuzidagi epedimiologik vaziyat bo`yicha navbatdagi tahliliy hisobotini e`lon qildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati yozmoqda. 

Unda qayd etilishicha, o`tgan haftada dunyo bo`yicha koronovirusga chalinish ko`rsatkichlari 8 foizga o`sgan. Ya`ni 7-13 mart sanalarida jami 11,4 milliondan ziyod kishi bu xavfli infeksiyani yuqtirib olgan. 

Taskin beradigan jihati esa COVID-19dan o`lim darajasi pasayishda davom etmoqda. Masalan, o`tgan haftada kasallik asoratlari tufayli qariyb 44 ming bemor hayotdan ko`z yumgan. Bu 28 fevral — 6 mart sanalariga qiyoslaganda 17 foiz kam ko`rsatkichdir. 

Koronavirusni yuqtirish bilan bog`liq sezilarli o`sish dinamikasi Tinch okeanining g`arbiy mintaqasi mamlakatlari hissasiga to`g`ri kelgan — 29 foiz! Afrika qit`asida bu ko`rsatkich 30 foiz, Evropada esa 2 foizga etgan. 

Qolgan mintaqalarda kasallanishlar soni kamaydi. Ayniqsa, Sharqiy O`rta Er dengizi mintaqasi davlatlarida sezilarli pasayish qayd etilgan — 24 foiz.  

O`lim holatlari esa G`arbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida 12 foizga oshdi. Sharqiy O`rta Er dengizi mintaqasi davlatlarida aksincha — 49 foiz, Afrikada 41 foiz kamayish qayd etildi. Bu ko`rsatkich Evropada 23 foiz, Janubiy va Shimoliy Amerikada 15 foizni tashkil etdi. 

O`tgan haftada koronavirus tashxisi qo`yilgan eng ko`p bemor Koreya Respublikasida ro`yxatga olingan — 2,1 million nafar. Ikkinchi o`rinni 1,7 millionga yaqin ko`rsatkich bilan Vetnam davlati band etdi.  

Germaniya esa uchinchi o`rinda — mamlakatda 1,3 milliondan ziyod odam koronavirusni yuqtirgan. To`rtinchi o`rinni 476 mingga yaqin holat bilan Niderlandiya, beshinchi pog`onani esa 419 mingdan ortiq bemor bilan Fransiya egalladi.  

Jahonda COVID-19dan o`lim ko`rsatkichlarining katta qismi AQShda qayd etildi — 9 ming nafar. Ikkinchi o`rinda — Rossiya. Mamlakatda hafta davomida 4,5 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Braziliyada esa bu ko`rsatkich 3,3 ming nafarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, Indoneziyada qariyb 2 ming nafar hamda Xitoyda 1,9 ming nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi. 

Bu tahlillar, dunyoda pandemiya hali chekinmayotgani, biroq uning asoratlari tobora kuchsizlanib borayotganini anglatadi.  

    Boshqa yangiliklar