AsosiyJamiyat

27 ta yo`l qurilish ob`ekti me`yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydi

'27 ta yo`l qurilish ob`ekti me`yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydi'ning rasmi

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tkazilgan brifingda “O`zyo`linspeksiya” boshqarma boshlig`i Dilshod Oxunjonov ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, o`tgan yil davomida avtomobil yo`llaridagi 7 ming 78 ta ob`ektda nazorat ishlari o`tkazildi. 

Mazkur ob`ektlardagi nazorat ishlari natijasida 11 ming 949 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo`yicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, yo`llarni saqlovchi va boshqa tashkilotlarning mas`ul xodimlariga 7 ming 324 ta bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalar berildi. 

11 ming 489 ta qoida buzilishi belgilangan muddatlarda bartaraf etilishiga erishildi. 281 ta ko`rsatmalardagi 465 ta qoida buzilishlar ijrosi hududiy davlat inspektorlarining nazorati ostiga olingan. Nazorat qilish ishlari natijasida 189 ta holat bo`yicha 6 milliard 512,36 million so`mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlar hajmini to`lovdan chiqarish bo`yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi.  

Qo`pol ravishdagi qoidabuzilishlarga yo`l qo`ygan va inspektorlar tomonidan berilgan ko`rsatmalarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 99- va 147-modallari asosida tegishli choralar qo`llash bo`yicha 254 ta ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi. Bugungi kunda sudlar tomonidan 227 tasi bo`yicha 271,24 million so`m undirilgan. 

Shu kabi 36 ta holatda shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzayotgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to`g`risida yuqori turuvchi organlariga taqdimnoma kiritildi. Qoida buzilishlar bartaraf etilmagan 7 ta holat bo`yicha materiallar huquq-tartibot organlariga yuborildi. 

2021 yil davomida sun`iy inshootlar, ya`ni ko`prik va yo`l o`tkazgichlar  holatini nazorat qilish ishlari bo`yicha 245 ta ob`ektda nazorat qilish ishlari o`tkazildi. 

Natijada 483 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo`yicha buyurtmachi, saqlovchi va pudratchi korxonalarga 152 ta yozma ko`rsatma berildi. 2,8 million so`m miqdoridagi sifatsiz bajarilgan ishlar hisobotdan chiqarildi. Mazkur holatlar bo`yicha talabnoma, shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzayotgan mansabdor shaxsni javobgarlikka tortish kabi va boshqa choralar ko`rildi. 

Yo`l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini nazorat qilish bo`yicha 244 ta yo`l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda (jumladan, 135 ta asfaltobeton sexi, 16 ta temirbeton sexi, 46 ta tosh maydalash va saralash sexlari, 23 ta karer, 24 ta sinov laboratoriyalar, 3 ta organik-mineral aralashmalarni ishlab chiqarish korxonalarida) nazorat qilish ishlari o`tkazilgan. Natijada 281 ta qoida buzilish xolati aniqlandi va ularni bartaraf etish bo`yicha lozim choralar ko`rildi. 

Shuningdek, qo`pol ravishda qoidabuzilishlarga yo`l qo`ygan 31 ta holat bo`yicha mas`ul xodimlarga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi. 

Hisobot davrida 45 ta yo`l qurilish ob`ektlarida sifat darajasini aniqlash bo`yicha 4464 ta sinov ishlari o`tkazildi. Natijada 40 ta sinov bayonnoma xulosalarida 27 ta ob`ektda bajarilgan yo`l qurilish ishlari, me`yoriy hujjatlar talabiga javob bermasligi aniqlanib, vakolatli organlarga ma`lumotnoma kiritildi. 

    Boshqa yangiliklar