AsosiyJamiyat

Soliqchilar jazolovchi emas, ko`makchi bo`lishi kerak — Shavkat Mirziyoev

'Soliqchilar jazolovchi emas, ko`makchi bo`lishi kerak  — Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Davlat soliq qo`mitasida sohani takomillashtirish bo`yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi

So`nggi yillarda mamlakatimiz soliq ma`muriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. 2019 yil dekabrda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, to`g`ridan-to`g`ri qo`llanuvchi normalar joriy etildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mulk solig`i stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qo`shilgan qiymat solig`i 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi.

Bularning natijasida tadbirkorlarning islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari 4 baravar ko`paydi. Qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga etdi.

Taraqqiyot strategiyasida bu boradagi islohotlarni davom ettirib, soliq ma`muriyatchiligini soddalashtirish vazifalari belgilangan.

- Biz inson qadrini ulug`lashni e`lon qildik, xalqimizni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Xalqimiz qachon rozi bo`ladi? Soliq kam bo`lib, daromadi oshsa, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Xususan, 2026 yil borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2023 yildan qo`shilgan qiymat solig`ini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik er va mulk soliqlarini birlashtirish mo`ljallangan.

Yig`ilish avvalida mutasaddilar bajarilgan ishlar to`g`risida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta`kidladi.

Buning natijasida jarayonlar to`liq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq to`siqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.

Davlatimiz rahbari dunyodagi tez o`zgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini ta`minlash, tadbirkorlarga ko`mak berish zarurligini alohida ta`kidladi.

- Men bu erga soliq to`lovchilarning vakili bo`lib keldim, - dedi Prezident. - Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni to`g`ri qilib, bilmaganlarga o`rgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yo`lga qo`yishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, ko`makchi bo`lishi kerak.

Aytib o`tilganidek, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko`plab savollar ham paydo bo`lmoqda. Shuning uchun “Soliqchi – ko`makchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni o`rgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi ta`kidlandi. Soliq qo`mitasiga barcha hududlarda tadbirkorlar bilan muloqotlar o`tkazish, ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish vazifasi qo`yildi.

Soliq tizimi davlat korxonalarini transformasiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik bo`yicha yo`l-yo`riq ko`rsatishi kerakligi aytildi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo`mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari u erda kadrlar tayyorlash sifatiga e`tibor qaratdi. Soliq idoralari xodimlarini tizimda joriy qilinayotgan yangi IT-dasturlar bo`yicha o`qitish, shuningdek, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

    Boshqa yangiliklar