Senatning 24-yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
Senatorlar tomonidan 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchining mas`uliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, shuningdek, ish beruvchilarga, xususan, qo`shimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan etarli shart-sharoitlar yaratmasligi ta`kidlandi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvesiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur o`rganilgani qayd etildi.
Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bag`ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko`rib chiqish kabi yangi normalarni o`z ichiga olgan.
Shuningdek, Kodeksni dastlab Senatning qo`mitalarida ko`rib chiqish jarayonida tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlardagi hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar keng muhokama qilindi.
Xususan, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog`liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan kiritilayotgan normalarga alohida e`tibor qaratildi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini ta`minlash, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq etishni soddalashtirish, shuningdek, mazkur sohalarda yollanib ishlovchilar mehnatini huquqiy tartibga solish xususiyatlarini hisobga olish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.
"Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi juda muhim hujjat. Mehnat erkinligi va majburiy mehnat tushunchalari xalqaro me`yorlar va tavsiyalarga (XMT) mos tarzda batafsil yoritilgan.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko`p bolali yoki nogiron bolalari bo`lgan ota-onalarga, nogironligi bo`lgan shaxslarga, bitiruvchilarga, harbiy xizmatdan bo`shatilganlarga, jazodan ozod qilinganlarga, odam savdosidan jabrlanganlarga ishga joylashishda qo`shimcha kafolatlar belgilangani e`tiborga molik", - dedi Senat raisi Tanzila Narbaeva.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma`qullandi.






