Oliy Majlis Senating yigirma to`rtinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.
Qonunning maqsadi mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo`lib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.
Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qo`llanib, kiberxavfsizlikni ta`minlashning asosiy prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo`nalishlari belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qo`yilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta`minlash borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutadi.
Shu bilan birga, Qonun bilan kiberxavfsizlik sub`ektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik sub`ektlarining tashabbusiga ko`ra amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.
Qonunda kiberjinoyatchilik hodisalarini tekshirish, choralar ko`rish, sodir bo`lgan hodisalar to`g`risidagi axborotni oshkor qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar mustahkamlab qo`yilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi,
- birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi;
- ikkinchidan, kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me`yoriy uslubiy ta`minot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta`minlashga salmoqli hissa qo`shadi;
- uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo`q qilish, o`zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari
va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.