Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Oliy ta`limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg`or texnologiyalarni tatbiq etish markazi “O`zbekistonda oliy ta`lim” deb nomlangan yangi ilmiy jurnal faoliyatini yo`lga qo`ydi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ijtimoiy, ilmiy-ommabop jurnal yangi formatda, yiliga 4 marta o`zbek, rus va ingliz tillarida chop etiladi.
Jurnalning ilk soni Navro`z bayrami arafasida chop etilib, mutolaa uchun keng jamoatchilikka taqdim etilishi ko`zda tutilgan.
Unda oliy ta`lim tizimidagi yangiliklar, amaliyotga joriy qilinayotgan tadqiqotlar, xorijdagi ta`limning o`ziga xosliklari, akademik olimlar-u yosh izlanuvchilarning ilm-fan rivoji borasidagi takliflari, tahlillari va yutuqlari o`rin oladi.






