So`nggi kunlarda dunyoning bir qator mamlakatlarida koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemik vaziyat yana murakkablashmoqda. Ayniqsa, Janubiy Koreya, Vetnam, Germaniya va Xitoy kabi davlatlarda kunlik kasallanishlar soni keskin ortib borayotgani ko`pchilikni jiddiy tashvishga solyapti.
Yurtimizda esa aksincha, xastalikning tarqalish ko`rsatkichi tobora pasayib, vaziyat ijobiy tomonga o`zgarmoqda. Buni kunlik kasallanishlar sonidan ham bilish mumkin. Biroq dunyodagi epidemiologik vaziyatning qaltis ekanini e`tiborga olsak, mamlakatimizda xastalikning yuqish xavfi hamon yuqoriligicha saqlanib qolayapti.
Xo`sh, bu borada Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida vaziyat qanday? Ayni paytda ushbu tibbiyot muassasalarida qancha bemor davolanyapti?
Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, bugungi kunda mazkur shifo maskanlarida jami 556 nafar bemor bo`lib, ularning 42 nafari og`ir, 52 nafari esa o`ta og`ir ahvolda.
— Yurtimizda epidemik vaziyat barqarorlashgani bois muassasamizga kelayotgan bemorlar soni sezilarli darajada kamaydi, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — Jumladan, hozir shifoxonamizga bir kunda o`rtacha 40-45 nafar bemor murojaat qilib, ularning 30-35 nafari sog`aymoqda.
Vaholanki, joriy yilning yanvar oyi o`rtalarida bu boradagi vaziyat anchagina murakkab bo`lib, kuniga o`rtacha 300-400 nafar bemor olib kelingan va ularning 200-300 nafari gospitalizasiya qilingan edi.
Ta`kidlanishicha, bugungi kunda shifoxonaga kelayotgan bemorlarning aksariyatida kasallik engil kechib, asosan isitma, bosh og`rig`i hamda holsizlik kabi belgilar bilan namoyon bo`lyapti.
Qolaversa, ko`pchilik bemorlarda saturasiyaning pasayishi va o`pkaning zararlanishi deyarli kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi esa nisbatan kam.
— Ammo bu xotirjamlikka berilish uchun asos bo`la olmaydi, — deydi A. Husanov. — Sababi koronavirus mutasiyaga uchrashini inobatga olsak, vaziyat tez o`zgarishi mumkin.
Shunday ekan, yurtdoshlarimizning kasallikka qarshi to`liq va buster dozalarda emlanishlarini tavsiya qilaman. Chunki vaksina olgandan so`ng shakllangan immunitet xastalikni o`tkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroq.
Eslatib o`tamiz, ayni kungacha mamlakatimizda jami 47 358 714 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan:
- 1-bosqich emlanganlar 19 787 413 nafarni,
- 2-bosqichda emlanganlar 15 760 130 nafarni,
- 3-bosqich va buster doza bilan emlanganlar 11 811 171 nafarni tashkil qilmoqda.






