AsosiyJamiyat

Markaziy bank asosiy stavkasi oshirilishi avval olingan kreditlarga ta`sir qiladimi?

'Markaziy bank asosiy stavkasi oshirilishi avval olingan kreditlarga ta`sir qiladimi?'ning rasmi

Ushbu savolga Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bu savolga quyidagicha javob berdi:

– Markaziy bankning asosiy stavkasi (oldingi qayta moliyalash stavkasi) o`zgartirilgan taqdirda uning joriy kreditlarga ta`siri shartnomada belgilangan shartlar asosida bo`ladi. Xususan, tijorat banklari va mijozlar o`rtasida o`zgarmas foiz stavkalarida tuzilgan shartnomalarga Markaziy bankning asosiy stavkasi o`zgarishlari ta`sir etmaydi. 

Banklar va mijozlar o`rtasida tuzilgan o`zgaruvchan foiz stavkali, xususan, Markaziy bank asosiy stavkasiga bog`langan holda tuzilgan foiz stavkalari shartnomalarga ta`siri esa ushbu shartnomada kelishilgan shartlar yoki kredit ajratish bo`yicha tegishli Nizom talablariga muvofiq bo`ladi. 

Jumladan, oliy ta`lim tashkilotlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditini ajratish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi 527-sonli “Oliy ta`lim tashkilotlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditilari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori orqali tartibga solinadi. 

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomning 22-bandiga muvofiq, ta`lim krediti tijorat banklari tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi. Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi o`zgarishsiz qoladi. 

Eng muhimi, noaniqlik sharoitida vahima uyg`otmaslik va shoshib o`ylamasdan qarorlar qabul qilmaslik kerak. Tarix shuni ko`rsatadiki, vahima keltirib chiqaradigan iqtisodiy yo`qotishlar iqtisodiy shoklarning o`zidan bir necha barobar ko`p bo`lishi mumkin, bu muhim sababdir. 

Banklarimiz tomonidan taklif etilayotgan milliy valyutadagi omonatlar shartlari va foiz stavkalari jozibador hisoblanadi. Mamlakatimizda inflyasiya darajasi, ayirboshlash kursi dinamikasi va omonatlar bo`yicha foiz stavkalari orasidagi ijobiylikni hisobga olsak, mablag`larni milliy valyutada uzoq muddat saqlash to`g`ri qarordir. 

Har qanday holatda barcha omonatchilarga mablag`larning to`liq qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlanadi. 

Bugungi kunda banklarda ikkilamchi ipoteka berish vaqtinchalik to`xtatilgan. O`zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining ma`lum qilishicha, ikkilamchi kredit ajratish ayni kunda to`xtatilgan va qachon boshlanish sanasini kompaniyaning o`zi ham aniq bilmaydi. 

Ayni paytda joriy yilning birinchi yarim yilligida Moliya vazirligi resurlarini jalb etilishi nazarda tutilmoqda. Kompaniya tomonidan taqdim etiladigan resurs talablari asosida ikkilamchi bozordan uy-joylar sotib olish uchun 2021 yilda 1,9 trillion so`m ipoteka kreditlari ajratildi, 2022 yil davomida 2 trillion so`m miqdorida kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda. 

Shuningdek, kompaniyaning bergan ma`lumotiga ko`ra, 2022 yilning 1 choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 42 million AQSh dollari miqdorida qayta moliyalashtiriladi. Kompaniya tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan qo`shimcha mablag`lar jalb etilishi bo`yicha tegishli ishlar olib borilmoqda va 2022 yilning ikkinchi yarim yilligida o`zlashtirilishini boshlanishi kutilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar