Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanida Telegram’da ayol nomidan profil ochib tovlamachilik qilgan 18 yoshli yigit ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`i matbuot kotibi ma`lum qildi.
Ma`lum bo`lishicha, Yangiyo`l shahrida yashovchi 25 yoshli D.Z. telegram ijtimoiy tarmog`ida “Babadjanova” (ayol kishi nomiga ochilgan) profili egasi bilan tanishib, u bilan bir qancha vaqt muloqot qiladi.
Jarayonda “Babadjanova” akkaunti egasi o`zini ayol kishi deb tanishtirib fuqaro D.Z. ga bir nechta ayollarning behayo lavhalari aks etgan videolarni yuboradi. D.Z. ham unga javob beradi va tarmoq orqali virtual munosabat o`rnatiladi.
Shundan so`ng, “Babadjanova” akkauntidagi noma`lum shaxs fuqaro D.Z. ga u bilan bo`lgan shaxsiy yozishmalarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik va sharmanda qilmaslik evaziga dastlab 200 ming so`m pullarni plastik karta orqali olishga erishadi va oradan vaqt o`tib yana 100 AQSh dollari talab qiladi.
D.Z. ning arizasiga asosan Yangiyo`l shahar IIB Jinoyat qidiruv bo`limi tezkor xodimlari tomonidan o`tkazilgan qidiruv tadbiri natijasida – ayol kishi nomiga profil ochib, fuqarolardan shaxsiy yozishmalarni tarqatmaslik evaziga pul talab qilib kelayotgan, Toshkent shahrida yashovchi 2003 yilda tug`ilgan M.Z. (erkak) ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Z. ga nisbatan Yangiyo`l shahar IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan, O`zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






