2022 yil 18 mart kuni Samarqandda xalqaro aeroport yangi terminalining tantanali ochilishi bo`lib o`tdi. Samarqand aeroporti yangi terminali orqali ilk bor xizmat ko`rsatgan reys Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentdan Samarqandga uchib borib, yana ortga parvoz qilgan HY-045/046 raqamli reysi bo`ldi. Muvaffaqiyat ila amalga oshirilgan ushbu parvoz O`zbekiston Respublikasining zamonaviy aviasiyasi tarixida yangi bobni ochib berdi.
Samarqand xalqaro aeroporti, Turizm va madaniy meros vazirligi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ va Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Ochilish marosimida 250 nafardan ortiq kishi qatnashdi. Marosimda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Achilbay Ramatov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva, shuningdek «AIR MARAKANDA»ning operasion faoliyat bo`yicha bosh direktori o`rinbosari Xilmi Yilmaz tantanali nutq bilan so`zga chiqdilar.
Yangi terminalning qurilish loyihasi qiymati 80 million dollarga teng bo`lib, bu loyiha O`zbekiston aviasiyasi tarixida birinchi marta “Uzbekistan Airports” AJ (davlat hamkori) va “AIR MARAKANDA" MChJ (xususiy sherik) o`rtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi natijasida amalga oshirildi. Qurilish ishlari O`zbekistonda etakchi EPC-pudratchi hisoblangan Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Kiklop loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan me`moriy echim asosida bajarildi.
«AIR MARAKANDA»ning operasion faoliyat bo`yicha bosh direktori o`rinbosari Xilmi Yilmaz jumladan shunday dedi:
«Men «AIR MARAKANDA» kompaniyasining butun jamoasi nomidan hukumatimiz va hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildiraman, ularning sa`y-harakatlarisiz bunday yirik loyihani amalga oshirish imkonsiz bo`lardi. Chin dildan ishonch bildiramanki, «Samarqand» xalqaro aeroporti butun region infratuzilmasidagi eng muhim ob`ektlardan biri sifatida mahalliy aholi va umuman jamiyat uchun ko`plab yangi ish o`rinlari yaratish orqali yaqin-atrofdagi barcha hududlarning iqtisodiy o`sishi va taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Aeroport — mamlakatga uchib keluvchilarni birinchi qarshilovchi va safar so`ngida kuzatib qoluvchi maskandir. Umid qilamanki, «Samarqand» xalqaro aeroporti O`zbekistonning o`ziga xos tashrif qog`oziga aylanadi».
Yangi terminal doimiy reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish imkonini beradi, perronning modernizasiya qilinishi natijasida aviaturargoh 24 tagacha havo kemasini sig`dira olish darajasigacha kengaydi. Aeroportning yo`nalish tarmog`ini kengaytirish rejasi 2030 yilga borib yo`nalishlar sonini 30 taga etkazishga qaratilgan. Masalan, 2019 yilda Samarqand aeroportidan 5 ta yo`nalish bo`yicha aviaqatnovlar amalga oshirilar edi. Lufthansa Consulting xalqaro tahlillar tashkiloti tomonidan o`tkazilgan mustaqil tahlillar ushbu aeroport orqali yo`lovchi oqimining yiliga 480 000 kishidan 2 million kishiga ortishini ko`rsatmoqda.
Yangi aerovokzal majmuasi xalqaro me`yorlarga mos ravishda jismoniy imkoniyati cheklangan yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish bo`yicha talablarni hisobga olgan holda bunyod etilgan. Terminalda 29 ta ro`yxatga olish peshtaxtasi, 8 ta minish uchun chiqish yo`laklari, 4 ta teleskopik trap, 10 ta pasport nazorati kabinasi va uchib ketayotgan yo`lovchilar uchun 6 ta E-gate, shuningdek uchib kelgan yo`lovchilar uchun 15 pasport nazorati kabinasi mavjud. Qo`shimcha qulayliklar 3,1 km uzunlikdagi uchish-qo`nish yo`lagi, 24 o`rinli aviaturargohdan iborat.
Qo`shimcha ma`lumot:
AIRMARAKANDA2020 yilda, aeroportlarni boshqarish va yo`lovchilarga hamda aviakompaniyalarga qo`shimcha xizmatlar, jumladan shaxsiy bagaj, yuklar, pochtaga ishlov berish, samolyotlarga texnik xizmat ko`rsatishni soddalashtirish kabi xizmatlarni ko`rsatish maqsadida tashkil etilgan.