Bugun Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi hamda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda “101 reys” filmining maxsus namoyishi o`tkazildi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati ma`lum qildi.
Kinokartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan.
Namoyishda Milliy kinematografiyani rivojlantirish Markazi direktori Ma`ruf Muxtorov hamda “Yoshlik” kinostudiyasi direktori Anvar Madraimov so`zga chiqishdi. So`ng, sahnaga film ijodkorlari taklif etildi.
“101 reys” filmida 2001 yil 11 sentyabr kuni mash`um terakt tufayli Toshkent-Nyu-York yo`nalishida parvoz qilgan “O`zbekiston havo yo`llari” samolyoti ekipaj a`zolarining jasorati to`g`risida hikoya qilinadi.
Ssenariy muallifi va rejissyor Akrom Shohnazarov, ikkinchi rejissyor Go`zal Yusupova, postanovkachi operator Dilmurod Turdiboev, rassom Alisher To`laboev.
Shuningdek, Navro`z bayrami munosabati bilan barcha telekanallarida “Bir kunlik to`y”, “Hayot afsunlari”, “Orzular qanotida” badiiy filmlari, “Inson”, “Covid-19: sinovli kunlar” kabi hujjatli filmlarning milliy televizion namoyishlari ham bo`lib o`tadi.






