AsosiyJamiyat

Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi

'Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi'ning rasmi

Senatning yigirma to`rtinchi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining  davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to`g`risidagi axboroti eshitildi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar  bermoqda.

Ta`kidlanganidek, mamlakatimizda so`nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining jamoatchilik oldida doimiy hisobot berish institutining joriy etilgani, shuningdek, ochiqlikni ta`minlash borasida tub islohotlar amalga oshirilayotgani o`zining ijobiy natijalarini bermoqda.  

Biroq amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim davlat organlari va tashkilotlari o`z faoliyati ochiqligini ta`minlashda kamchiliklarga yo`l qo`ymoqda.  

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har yili faoliyat yo`nalishi bo`yicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan rasmiy veb-sayti orqali e`lon qilib borish vazifasi yuklatilgan bo`lsa-da, bu ma`lumotlar e`lon qilinmagan.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko`rib chiqishda ularning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid fikr-mulohazalari o`rganilmagan, aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni qonuniy hal qilish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali orqali muhokama qilish ishlari amalga oshirilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlash borasidagi ishlar etarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi oqibatida ular tomonidan tegishli ma`lumotlar ochiq ma`lumotlar portali (data.egov.uz) va o`z rasmiy veb-saytlarga joylashtirilmagan.

Xususan, 135 ta davlat organlari va tashkilotlarining 2021 yil to`rtinchi choragi bo`yicha davlat xaridlari to`g`risidagi ma`lumotlari tahlili ko`rsatganidek, ularning 80 tasi yoki 60 foizi ushbu ma`lumotlarni belgilangan resurslarga joylashtirmagan. Yoki xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari bo`yicha hisobotlar 88 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan o`z vaqtida ochiqlamagan.

Qishloq xo`jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan er uchastkalariga ijara huquqini berish bo`yicha ochiq tanlov g`oliblari to`g`risidagi ma`lumotlar vazirlik saytida e`lon qilinmagan.

Madaniy meros agentligi tomonidan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob`ektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari to`g`risidagi ma`lumotlar to`liq e`lon qilinmagan.

O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi tomonidan  ov qilish va ovchilik xo`jaliklari to`g`risidagi ma`lumotlar, shu jumladan ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi to`g`risidagi ma`lumotlar doimiy yangilab borilmagani jamoatchilikning katta e`tiroziga sabab bo`lgan.

Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlari bilan bog`liq ma`lumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, lisenziya va ruxsat etish uchun mas`ullar to`g`risida ma`lumot, engil avtomobillar, xizmat uylari hamda boshqa zarur ma`lumotlarni jamoatchilikka to`laqonli e`lon qilinmayapti.

Majlisda Hukumatga davlat organlari va tashkilotlarining  ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlarni o`z muddatida e`lon qilmagan hamda kamchiliklarga yo`l qo`ygan rahbarlari faoliyatini tanqidiy ko`rib chiqish va mas`uliyatini oshirish bo`yicha vazifa qo`yildi.

 

    Boshqa yangiliklar