Doimiy yashash uchun yangi vatan yoki mamlakatni tanlashda o`sha hudud fuqarolarining farovonlik darajasini bilish juda muhimdir. Dunyodagi o`rtacha ish haqi qisman sodir bo`layotgan voqealarning mohiyatini aks ettiradi. Xo`sh, dunyo mamlakatlarida o`rtacha maosh qanchani tashkil qiladi? Ular fuqarolarining yaxshi sharoitda yashashlariga etarlimi? Turkum materiallarimizning navbatdagi sonida dunyo mamlakatlarida o`rtacha maosh qanchani tashkil qilishi bo`yicha ma`lumotlarni taqdim etamiz.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti muntazam ravishda o`rtacha ish haqi bo`yicha qaysi davlatlar reytingini tuzadi va e`lon qiladi. Bir kishining bir oylik o`rtacha daromadi qanchalik yuqori bo`lsa, reytingdagi chiziq shunchalik yuqori bo`ladi.
Iqtisodiyoti kuchli va barqaror yoki muvaffaqiyatli rivojlanayotgan dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlarida vaziyat o`rganilmoqda.
1-o`rin. ShVEYSARIYa
Evropaning qoq markazida joylashgan mamlakat fuqarolar erkinligi, turmush darajasining yuqoriligi, hukumat shaffofligi va inson taraqqiyoti bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bu erda farmasevtika, musiqiy asboblar, maxsus kimyo sanoati va aniq o`lchov uskunalarini ishlab chiqishda yuqori o`rinlarda turadigan mamlakat hisoblanadi. Shveysariya fuqarosi haftasiga o`rtacha 35 soat ishlaydi. Biroq ular mehnat samaradorligi yuqoriligi sababli yillik daromadi ham shunga yarasha. Deylik, mamlakatda o`rtacha oylik maosh 6244 dollarni tashkil qiladi. Yillik daromad esa 74 928 dollar. Albatta, soliqlar hisoblanganda bu raqamlar sezilarli darajada kamayadi.
2-o`rin. DANIYa
Daniyada ayniqsa, eng mashhur shaharlari — Kopengagen va Orxusda yashash juda qimmatga tushadi. Biroq maoshlarning yuqoriligi mamlakatdagi bunday baland yashash xarajatlarini qoplay oladi, deyish mumkin. Daniyada o`rtacha ish haqining eng yuqori miqdori 6192 dollarni tashkil etadi. Jumladan, shifokorlar, o`qituvchilar, muhandislar, bank xodimlari, jurnalistlar kabi sohalarga yuqori maosh beriladi. Mamlakatda yillik daromad 74 304 dollar bo`lib, yaxshi yashash uchun etadi.
3-o`rin. LYuKSEMBURG
Evropaning eng boy mamlakatlaridan biri bo`lgan Lyuksemburgda kimyo sanoati, rezina, sanoat mashinasozligi, po`lat va moliyaviy xizmatlar eksporti bo`yicha yuqori o`rinlarni egallaydi. Bu erda har bir soha vakili ish soatidan kelib chiqib, yuqori maoshga ega bo`ladi. To`g`ri, soliqlar ham birmuncha mablag`ni tashkil qiladi. Shunga qaramay, yashash tarziga to`siq bo`lmaydi. E`tiborlisi shundaki, mamlakat fuqarolari soliq hisobidan umumiy sog`liq sug`urtasi va bepul ta`limga ega bo`lishadi. Deylik, Lyuksemburgda o`rtacha maosh oyiga 5854 dollarni, yillik daromad 70 240 dollarni tashkil etadi.
4-o`rin. NORVEGIYa
Norvegiyada neft, minerallar, baliqchilik va suv energetikasi bo`yicha etakchi o`rinda turadi. Umumiy salomatlik sug`urtasi va oliy ta`lim Norvegiyaning barcha fuqarolariga bir xil joriy qilinadi. Bu maqsadlarga 37 foizlik soliqdan tushadigan daromadlardan sarflanadi. Shunday bo`lishiga qaramay, yuqori maosh berilishi sababli, soliqlar fuqarolarni xavotirga soladi. Lekin Norvegiyaga ishlash uchun keladigan migrantlar ham ko`pchilikni tashkil qiladi. Har bir sohada ish yuritadigan migrant ish haqidan kelib chiqib, yuqori maoshga ega bo`ladi. Aytaylik, norvegiyaliklarning yillik daromadi 65 400 dollar.
5-o`rin. ISLANDIYa
Sovuq o`lkalardan biri bo`lgan Islandiya ham har tomonlama rivojlangan va o`z ehtiyojlarini qoplay oladigan mamlakat. Bu erda umumiy salomatlik sug`urtasi va oliy ta`limga yuqori darajada bo`lib, bepul imkoniyatlar taqdim qilinadi. O`qituvchi, shifokor, bank xodimi, menejer, muhandis kabi sohalarning o`rtacha maosh ancha balandligi ko`zga tashlanmoqda. Islandiyada yillik daromad 65 232 dollar ekanini ko`rish mumkin.
6-o`rin: GERMANIYa
Germaniya so`zsiz Evropaning faxri hisoblanadi. U mintaqaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakati. Mamlakat fuqarolari juda katta miqdorda soliq to`laydi. Aytaylik, maoshlarning 49,8 foizi hukumat jamg`armalariga o`tadi. Natijada barcha darajadagi tibbiy yordam va ta`lim bepul. Deylik, Germaniyada shifokorlar yillik daromadi 51 252 dollarni tashkil qiladi. Muhandis, bank xodimlariniki bundan biroz kamroq.
7-o`rin: YaPONIYa
Yaponiya dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biri. Shuningdek, yapon xalqi juda mehnatkash ekanligi bilan ham boshqa millatlardan ajralib turadi. Ya`ni ko`p ishlash ularda odat tusiga kirgan. Yaponiyalik ishchilar yiliga o`rtacha 47 876 dollar maosh oladi. Bu degani, oyiga taxminan 3900 AQSh dollari. Albatta, soliqlar ushlab qolinganda, raqamlar ancha pasayadi.
8-o`rin: AQSh
Amerika mahsulotlarni import-eksport qilishda dunyoda birinchi va ikkinchi o`rinda turadi. Mamlakatda soliq ham o`ziga yarasha — 31,6 foizni tashkil etadi. Ajablanarlisi shundaki, aksar mamlakatlardan farqli ravishda sog`liq sug`urtasiga ega bo`lishmaydi. Bu erda yillik daromad miqdori 47 052 dollarni tashkil etadi. Soliqlar ushlab qolinsa, bu raqamlar 41 400 dollarni tashkil qiladi.
9-o`rin. AVSTRALIYa
Avstraliya iqtisodiy qudratga ega davlatlardan biridir. Mamlakat neft, minerallar va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiladi. Avstraliyalik esa daromadining 27,7 foizini soliq sifatida davlatga to`laydi. Buning evaziga bepul tibbiy xizmat va ta`limga ega bo`ladi. Haftasiga 36 soat ishlagan fuqaro yiliga 40 125 dollar maosh oladi.
QOLGAN MAMLAKATLARDA VAZIYaT QANDAY?
Belgiya | 47 160 dollar | San-Marino | 34 116 dollar |
Finandiya | 46 896 dollar | Italiya | 32 712 dollar |
Singapur | 45 384 dollar | Buyuk Britaniya | 32 436 dollar |
Irlandiya | 44 052 dollar | Gonkong | 26 352 dollar |
Andorra | 40 656 dollar | Ispaniya | 25 596 dollar |
Yangi Zelandiya | 40 248 dollar | Rossiya | 9456 dollar |
Fransiya | 39 984 dollar | Malayziya | 8544 dollar |
Niderlandiya | 38 856 dollar | Qozog`iston | 5832 dollar |
Bagama Orollari | 38 268 dollar | Tailand | 5604 dollar |
Kanada | 37 812 dollar | Ukraina | 5520 dollar |
Isroil | 36 768 dollar | Qirg`iziston | 3036 dollar |
Janubiy Koreya | 35 568 dollar | Bangladesh | 1896 dollar |
Avstriya | 35 280 dollar | Tojikiston | 1860 dollar |
Shvesiya | 34 716 dollar | Hindiston | 1428 dollar |
Ma`lumot uchun: ko`rsatilgan raqamlar soliqlarsiz ko`rsatilgan.
Izzat ABDUVAHOBOV tayyorladi