Bugun, 22 mart kuni O`zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 83 yoshida vafot etdi.
Aktrisa 1939 yil 21 aprelda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug`ilgan. O`z faoliyatini 1959 yildan Muqumiy nomidagi O`zbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan.
Maryam Ixtiyorova o`zining uzoq yillik faoliyati davomida ko`plab spektakl va filmlarda ishtirok etgan. Shuningdek, u turli radio eshittirishlar va hajviy teleko`rsatuvlarda ham muntazam qatnashgan.
Marhuma o`zining ko`p yillik faoliyati orqali “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist”, 1997 yilda “O`zbekiston xalq artisti” kabi unvonlar hamda 2016 yilda "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.
Maryam Ixtiyorova 1963 yilda Baxtiyor Ixtiyorovga turmushga chiqqan. Ulardan ikki o`g`il va bir qiz farzand dunyoga kelgan.
Maryam Ixtiyorova 2007 yilda Elyorjon ismli kichik o`g`lidan ayrilgan. Ushbu yo`qotishdan so`ng aktrisa infakka uchrab, bir necha oy kasalxonada davolangan.






