2022 yil 20 mart kuni Surxondaryo viloyati, Jarqo`rg`on tumani, "Kakaydi" qo`rg`onida xizmat olib borayotgan YPX xodimi E.Nurmatov tomonidan "Nexia" rusumli avtomobil to`xtatilganda, o`zaro muloqot jarayonida haydovchi A.S.ning og`zidan spirtli ichimlik hidi kelayotganligini xodim payqagan va uni tekshiruvdan o`tishga taklif qilgan.
"Alkotester" moslamasining natijasiga ko`ra, ushbu haydovchi spirtli ichimlikdan mast holdaligi tasdiqlangan. YPX xodimi tomonidan haydovchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 131-moddasi tartibida bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobili ushbu Kodeksning 291-moddasiga ko`ra, vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo`yilgan.
Haydovchi YPX xodimi E.Nurmatovdan tegishli chora ko`rmasligini so`ragan va evaziga 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida pul berishni taklif qilgan.
Shundan so`ng, xodim Surxondaryo viloyati IIB boshlig`i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, pora taklif qilayotgan fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Holat yuzasidan 21 mart kuni soat 12:00 larda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir davomida, fuqaro A.S. YPX xodimiga 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtda qo`lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jarqo`rg`on tumani prokuroturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






