Rossiyadagi bozor munosabatlarining «arxitektori» Anatoliy Chubays RFni tark etgan bo`lishi mumkin. Bu haqda Bloomberg nashriga asoslanib, BBC xabar berdi.
Chubays 2020yildan Vladimir Putinning xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari bo`yicha maxsus vakili sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. Bloomberg manbalariga ko`ra, u Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operasiyasiga qarshi bo`lgan va buning ortidan iste`foga chiqqan.
Rossiya davlat axborot agentligi “TASS” ham Chubaysning iste`foga ketganini ma`lum qilgan.
Hozirga qadar siyosatchining o`zi yoki rasmiy doiralar bu xabarni tasdiqlamadi.
Ma`lumot o`rnida: Anatoliy Chubays 90 yillarda Rossiyada o`tkazilgan iqtisodiy islohotlarga boshchilik qilganlardan biri. Uzoq yillar hukumatda turli lavozimlarni egallab kelgan. U RFning eng mashhur iqtisodchilaridan biri. Chubays shu paytga qadar G`arb sanksiyalari ro`yxatiga kiritilmagan.






