AsosiyJamiyat

Tadbirkorlarga engillik yaratib, har tomonlama qo`llab-quvvatlashimiz kerak — Shavkat Mirziyoev

'Tadbirkorlarga engillik yaratib, har tomonlama qo`llab-quvvatlashimiz kerak — Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 mart kuni iqtisodiyot barqarorligini ta`minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi

– Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni og`ir sharoitdan olib chiqish bo`yicha qarorlar qabul qilganimiz o`z natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham xavf-xatarlarni oldindan ko`ra bilishimiz kerak. Dunyoda bo`layotgan voqealar natijalarga salbiy ta`sir ko`rsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga engillik yaratib, har tomonlama qo`llab-quvvatlashimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shundan kelib chiqib, yig`ilishda iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilindi va qo`shimcha choralar belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga tadbirkorlar bilan kunlik muloqot o`rnatib, ularning loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati, eksport-import amaliyotlariga ko`maklashish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Tarmoq va hududlarda kunlik monitoring o`rnatib, yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xatarlarning oldini olish bo`yicha tezkor choralar ko`rish vazifasi qo`yildi. Tadbirkorlik sub`ektlariga aylanma mablag`alarini to`ldirishi uchun revolver kredit berish tizimini yanada soddalashtirish zarurligi aytildi.

Prezidentimiz eksport masalasiga ham to`xtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash amaliyotini kengaytirish bo`yicha ko`rsatma berdi.

Ma`lumki, bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berishda muammolar kuzatilmoqda hamda ularning narxi sezilarli oshmoqda. Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini ta`minlash, bug`doy, o`simlik yog`i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko`maklashish orqali aholi talabini qondirish bo`yicha qo`shimcha topshiriqlar berildi. Shuningdek, inflyasiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli ko`rsatkichlarga tezroq qaytishini ta`minlash Hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi.

Markaziy bankka tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini ta`minlashda ehtiyotkorona yondashuvni qo`llab borish muhimligi ko`rsatib o`tildi. Bunda ichki valyuta bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqimizni joriy vaziyat, kutilayotgan o`zgarishlar va ko`rilayotgan choralar haqida xabardor qilish kerakligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar