Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev birinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida nutq so`zlamoqda. Dastlab, davlatimiz rahbari forumning barcha ishtirokchilarini samimiy qutladi.
“O`zbekiston zamini ko`p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e`tiborini o`ziga tortib kelgan.
Buyuk ipak yo`lining markazida joylashgan yurtimiz qadimdan Osiyo, Evropa va Afrika qit`alarining karvon yo`llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo`lgan.
Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misr kabi mamlakatlarda shakllangan sivilizasiya va madaniyat namunalari aynan qadimgi Movarounnahr, hozirgi O`zbekiston hududida uchrashib, bir-birini o`zaro boyitib kelgan.
Buning natijasida 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san`at yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri bo`lib xizmat qilgan”, dedi Prezident.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O`zbekiston o`zining geografik joylashuviga ko`ra, Shimol va Janubni, G`arb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bog`lab turadigan Markaziy Osiyo mintaqasining o`zagi hisoblanadi.
"Biz “Buyuk o`tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirmoqdamiz", - dedi davlat rahbari.






