Joriy yilning 14 – 19 mart kunlari O`zbekiston Urug`chilikni rivojlantirish markazi rahbar va xodimlaridan iborat Ishchi guruh O`zbekiston Respublikasida oxirgi yillarda sohada amalga oshirilgan ishlar, Qishloq xo`jaligi vazirligi rahbariyati tomonidan mamlakatimizda urug`chilik sohasini xalqaro standartlar darajasiga etkazish, sifatli va raqobatbardosh urug`liklarni ishlab chiqarishni kengaytirish, Markaz tizimiga o`tkazilayotgan 31 ta urug`lik sexlarini zamonaviy va innovasion texnologiyalar asosida modernizasiya qilish bo`yicha Turkiya tajribasi bilan yaqindan tanishish maqsadida xizmat safarida bo`ldi.
Xizmat safari davomida Turkiya urug`chilar uyushmasi “TURKTOB” boshqaruv direktori Savash Akchan, “AKYUREK”kompaniyasi rahbari Umutbek Akyurek, Xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urug`chilik uyushmasi “ECOSA”ijrochi direktori Ali Ustun hamda boshqa urug`chilik sohasida faoliyat olib boradigan yirik kompaniyalar va birlashmalar bilan hamkorlik uchrashuvlari o`tkazildi.
Ishchi guruhi dastlab, Turkiyaning Mersin shahridagi qishloq xo`jaligi ekinlari urug`liklarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi “AKYUREK”kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. “AKYUREK”kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
“AKYUREK”kompaniyasi 1973 yilda Turkiyaning Mersin shahrida tashkil topgan hamda urug`larni qayta ishlash, saralash, qadoqlash va dorilash uskunalarini ishlab chiqish bilan shug`ullanadi. Bugungi kunda kompaniyaning ishlab chiqarish maydoni 48 ming kv.m. bo`lib, 500 dan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, kompaniyada ishlab chiqarayotgan uskunalar to`liq mahalliylashtirilgan bo`lib, har yili 150 dan ortiq urug`liklarni qayta ishlash liniyalarni tayyorlash imkoniyatiga ega.
E`tiborli jihati shundaki, kompaniyaning yurtimizdagi ofisida har bir o`rnatilgan liniyani ishlash jarayonini nazorat qilish uchun yagona elektron bazaga ulanishi va aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo`yicha servis xizmatlari yo`lga qo`yilgan.
Ishchi guruhiga “AKYUREK”kompaniyasi tomonidan urug`liklarni qayta ishlash, saralash, dorilash hamda qadoqlash uskunalarini ishlab chiqarish jarayonlari va sexlari faoliyati yaqindan tanishtirildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida, “AKYUREK”kompaniyasi bilan Urug`chilikni rivojlantirish markazi o`rtasida hamkorlik Memorandum imzolandi.
Bunda:
• O`zbekistonda kompaniyaning qishloq xo`jaligi ekinlari urug`liklarini qayta ishlash, tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash liniyalarini joriy qilish;
• Urug`chilikni rivojlantirish markazi tizimidagi urug`lik chigit va don sexlarini holatini o`rganish va modernizasiya qilish bo`yicha takliflarni tayyorlash uchun kompaniya tomonidan ekspert va mutaxassislar ajratish;
• Markaz tizimidagi Andijon paxta urug`chiligi sexini modernizasiya qilish bo`yicha texnik asosnomalar tayyorlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
• qishloq xo`jaligi ekinlari urug`liklarini qayta ishlash, tozalash, saralash, dorilash va qadoqlashning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanishda kadrlarni o`qitish va malakasini oshirish.
Shuningdek, kompaniya kelajakda O`zbekiston Respublikasiga investisiya kiritib, kompaniyaning qishloq xo`jaligi ekinlari urug`liklarini qayta ishlash, tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash uskunalarini ishlab chiqarish bo`yicha filialini tashkil etish rejalari borligini ma`lum qildi.
O`zbekiston delegasiyasining keyingi tashrifi Xalqaro iqtisodiy hamkorlik urug`chilik uyushmasi “ECOSA” bo`ldi. Bu erda uyushma ijrochi direktori Ali Ustun bilan uchrashuv o`tkazildi. Uchrashuvda O`zbekiston va Turkiya o`rtasida urug`chilik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan urug`liklarni sertifikatlashni xalqaro standartlari darajasida tashkil etish hamda “ISTA” va “OESD” xalqaro sertifikatlash tashkilotlariga a`zo bo`lish masalalari ko`rib chiqildi.
“ECOSA” ijrochi direktori Ali Ustun O`zbekiston Respublikasini “ISTA” va “OESD” xalqaro sertifikatlash tashkilotlariga a`zo bo`lish jarayonlarini tashkil etish uchun Turkiya tomonidan yaqindan yordam berishga tayyorligini ma`lum qildi. Ikki tashkilot o`rtasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Memorandum imzolandi.
Shundan so`ng delegasiyamiz Turkiyaning Adana shahrida “Atlas Tohum Ziraat Ltd.” Kompaniyasi direktori Serdar Mard hamda kompaniya olim va mutaxassislari bilan uchrashuv o`tkazdi.
“Atlas Tohum Ziraat Ltd.” urug`chilik kompaniyasi 2006 yilda tashkil topgan bo`lib, asosiy yo`nalishi paxta, soya, bug`doy va eryong`oq seleksiyasi va urug`chiligiga ixtisoslashgan.
Ishchi guruhi mazkur kompaniyaning ishlab chiqarish sexlari va laboratoriyalariga tashrif buyurdi va kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishib, kompaniya tomonidan yaratilgan paxta, soya, bug`doy va eryong`oq navlari xususiyatlari bo`yicha fikr almashdi.
Kompaniya bilan O`zbekistonda soya va eryong`oq navlarini sinash hamda ularni urug`chiligini tashkil etish bo`yicha muzokaralar olib borildi.
“Atlas Tohum Ziraat Ltd.” kompaniyasi bilan Markaz o`rtasida urug`lik soyaning 2 ta va eryong`oqning 2 ta navlarini O`zbekiston Respublikasida sinash va tajriba almashish bo`yicha hamkorlik Memorandum imzolandi.
Bundan tashqari, Adana shahrida joylashgan “Taren Tohum” kompaniyasiga ham tashrif buyurilib, kompaniya direktori Firat Xinis bilan uchrashuv o`tkazildi. Bu kompaniya urug`lik chigitni kimyoviy usulda tuksizlantirish, dorilash uskunalarini ishlab ishlab chiqarish shug`ullanadi.
Alohida ta`kidlash lozimki, kompaniya bugungi kunda Andijon, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlardagi klasterlar bilan hamkorlik o`rnatgan hamda urug`lik chigitni kimyoviy usulda tuksizlantirish sexlarini qurish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Olib borilgan muzokaralar davomida “Taren Tohum” kompaniyasi Markaz tizimidagi urug`lik chigitni qayta ishlash sexlariga zamonaviy uskunalar va ehtiyot qismlar etkazib berish bo`yicha hamkorlikka tayyor ekanligini ma`lum qildi.
Turkiyaning Kappadokiya shahrida joylashgan “SEEDOGA” kartoshka seleksiyasi va urug`chiligiga hamda kartoshka mahsulotini qayta ishlashga ixtisoslashgan kompaniya faoliyati bilan ham tanishildi.
“SEEDOGA” kompaniyasining kartoshka seleksiyasi va in vitro laboratoriyasi, issiqxona va qayta ishlash sexlari faoliyati o`rganildi. Kompaniya Turkiya seleksiyasiga mansub 6 xil kartoshka navidan 450 kg.dan joriy yilning may oylarida O`zbekistonda sinash uchun yuborishga va urug`lik kartoshkani etishtirish bo`yicha o`z tajribasini almashish va kelgusida hamkorlik qilishga tayyorligini ma`lum qildi.
Delegasiyamizning Turkiyadagi so`ngi manzili urug`chilar uyushmasi “TURKTOB” bo`ldi. Bu erda O`zbekiston Urug`chilikni rivojlantirish markazi rahbari hamda“TURKTOB” boshqaruv direktori Savash Akchan bilan hamkorlik uchrashuvi o`tkazildi. Uyushma rahbariyati qishloq xo`jaligi ekinlari urug`chilik sohasida O`zbekistonni har tomonlama qo`llab-quvvatlashi, o`z tajribasi bilan bo`lishishi va urug`lik sexlarni modernizasiya qilishda maslahatlar berishga tayyorligini ma`lum qildi hamda taraflar o`rtasida hamkorlik qilish bo`yicha Memorandum imzolandi.






