AsosiyJamiyat

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`an 29-31 mart kunlari O`zbekistonga keladi

'Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`an 29-31 mart kunlari O`zbekistonga keladi'ning rasmi

2022 yilning 24 mart kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti administrasiyasi huzuridagi Axborot va kommunikasiyalar boshqarmasi hamkorligida O`zbekiston Respublikasi hamda Turkiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganligining 30 yilligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning turli vazirlik va idoralari, oliy ta`lim muassasalari, tadqiqot markazlari, soha ekspertlari va etakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida siyosiy-diplomatik, madaniy-gumanitar sohalarda O`zbekiston va Turkiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, konferensiya avvalida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so`z olib, so`nggi yillarda O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashganini qayd etdi.

— Samarali hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki davlat rahbarlari o`rtasidagi do`stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning o`rni katta, albatta.

Jumladan, 2018 yilda yangi muloqot formati – oliy darajadagi O`zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi tuzildi. 2020 yilda Anqaraga Prezident Sh.Mirziyoev tashrifi doirasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig`ilishi o`tkazildi.

Ta`kidlash lozimki, ayniqsa so`nggi yillarda O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashdi. Buni biz turli darajadagi ikki davlat tashkilotlari o`rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganida, bu Parlamentlararo munosabatlar bo`ladimi, vazirlik-idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ta`lim muassasalari, oddiy fuqarolarimiz o`rtasidagi aloqalar misolida ko`rib turibmiz.

Shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoevning 2021 yil 12 noyabr kuni Turkiy kengashning Istanbul shahrida bo`lib o`tgan sakkizinchi sammitdagi ishtiroki hamda Turkiy Kengash nomini «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o`zgartirish va mazkur tashkilotning birinchi sammitini 2022 yilda O`zbekistonda o`tkazilishi to`g`risidagi qarorning qabul qilinishi alohida ahamiyatga ega.

Tadbirda ikki mamlakat o`rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan Turkiya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor Elchisi o`rinbosari Alijan Aksoy ham o`z fikr-mulohazalarini bildirib o`tdi.

Shuningdek,xalqaro konferensiyada Turkiya milliy telekanali siyosiy sharhlovchisi Axmet Yeshiltepe, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo`lim boshlig`i Bahrom Sotiboldiev, Kirshehir Ervan universiteti professori Nur Chetin, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo`lim boshlig`i Alisher Sobirovlar ma`ruza bilan ishtirok etib, O`zbekiston va Turkiya munosabatlarining tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida o`z fikr- mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, ma`ruzachilar boy tabiiy resurslar va inson kapitali, chuqur davlatchilik tajribasi va madaniy merosga ega O`zbekiston so`nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur`atlarini namoyish qilayotganini, O`zbekiston mintaqadagi barqarorlik va farovonlik borasida yo`l ko`rsatuvchi, ilhom manbai ekanini va Turkiya porloq kelajak sari qat`iy qadamlarida O`zbekiston bilan birdamlikda bo`lishda davom etishini alohida e`tirof etdilar.

Ta`kidlash joizki, barcha sohalarda, xususan siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo`jaligi, sanoat, xavfsizlik, madaniyat, yoshlar, ta`lim, matbuot va insoniy munosabatlar kabi sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning chuqurlashib borayotgani nafaqat O`zbekiston va Turkiya xalqlarining, balki qo`shni davlatlarning ham farovonligi, tinchligi va barqarorligiga katta hissa qo`shishiga shubha yo`q.

Konferensiya yakunida ma`ruzachilar ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savol-javoblarga batafsil javob qaytardilar.

Ma`lumot uchun:

  • 1991 yil 16 dekabr kuni TurkiyaO`zbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi bo`lib tan olgan.
  • 1992 yil 4 mart kuni esa O`zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilgan.
  • 2022 yil 4 mart kuni esa O`zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 30 yil to`ldi.
  • Ushbu tadbirimiz shu munosabat bilan tashkil etilganligini ta`kidlash joizdir.
  • Ushbu yillar davomida ikki davlat o`rtasidagi aloqalar rivojlanib bordi.

 

    Boshqa yangiliklar