AsosiyJamiyat

Mamlakatimizga sil kasalligini sanoqli soatlar ichida aniqlaydigan GeneXpert diagnostika uskunalari keltirildi

'Mamlakatimizga sil kasalligini sanoqli soatlar ichida aniqlaydigan GeneXpert diagnostika uskunalari keltirildi'ning rasmi

Robert Kox tomonidan 1882 yil 24 mart kuni sil kasalligi patogeni aniqlangani munosabati bilan shu kun Jahon silga qarshi kurash kuni etib belgilangan. Dunyo bo`yicha kuniga 4000 nafardan ortiq kishining hayotiga zomin bo`layotgan bu xastalikning insonlar sog`lig`i va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga halokatli ta`siri hech kimga sir emas.

Jahon miqyosida bu kasallikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini tatbiq etishga jiddiy e`tibor qaratilmoqda.  

Yurtimizda ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. O`zbekiston JSSTning Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo mamlakat sifatida 53 davlat orasida silga qarshi kurashish dasturining bajarilish natijalari bo`yicha 2-o`rinni egallab turgani ham bu masalaga davlat darajasida e`tibor qaratilayotganining dalilidir.

Bugun poytaxtimizda Sog`liqni saqlash vazirligi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va JSST mutasaddilari ishtirokida Jahon silga qarshi kurash kuni munosabati bilan tadbir o`tkazildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Nargiza Parpieva,

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

— Avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yo`g`i 70 daqiqa ichida aniq tashxis qo`yilmoqda.  

Ilg`or operasiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qo`llanilishi natijasida bemorlarning kasallikdan sog`ayish muddati ham 2 yildan 9 oyga qisqardi. Hozir olimlarimiz xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda davolanish kursini 6 oygacha qisqartirish va samarali muolaja usullari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.  

Tibbiyotimizdagi bunday muhim yutuqlar tufayli yurtimizda sil bilan kasallanish ko`rsatkichi 2,5 barobarga, o`lim ko`rsatkichi 6-8 barobarga qisqardi.  O`z navbatida, davolash samaradorligi 91,2 foizga etkazildi. Dunyoda ushbu ko`rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko`lami yanada yaqqolroq ko`zga tashlanadi.

Bu borada USAID O`zbekistonga yaqindan ko`mak berib kelmoqda.  Xususan, mazkur agentlik tomonidan so`nggi olti oy davomida mamlakatimizga umumiy qiymati qariyb 700 ming AQSh dollariga teng tuberkulyozni tezkor diagnostika qilishga mo`ljallangan GeneXpert tizimlarini beg`araz taqdim etildi. E`tiborlisi, bu uskunalar sanoqli soatlar  ichida tibbiy test natijalarini taqdim etish imkoniga ega.  

GeneXpert tizimi, shuningdek, kasallikning ma`lum bir turini davolash uchun buyuriladigan antibaktiral preparatlarga chidamlilikni tekshirishga ham yordam berib, shifokorlarga bemor uchun eng samarali dori-darmonlarni tanlash, qolaversa, kasallikni erta aniqlash va o`z vaqtida muolaja qilish imkonini beradi.  

Tadbirda USAID tomonidan O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligiga tuberkulyoz kasalligini aniqlashda qo`llaniladigan 16 ta GeneXpert diagnostika uskunasi taqdim qilindi.

    Boshqa yangiliklar