AsosiyJamiyat

O`zbekistonda qishloq xo`jaligi sanoati imkoniyatlaridan yangicha yo`nalishda foydalanilmoqda

'O`zbekistonda qishloq xo`jaligi sanoati imkoniyatlaridan yangicha yo`nalishda foydalanilmoqda'ning rasmi

Poytaxtimizda Toshkent xalqaro investisiya forumi o`z ishini davom ettirmoqda. Kuni kecha tadbir doirasida ilk kelishuvlar imzolandi, panel munozaralari, sessiyalar va davra suhbatlari o`tkazildi. Ikkinchi kun ham birinchi kundan kam bo`lmagan voqealarga boy o`tmoqda – kun tartibida muhokama qilinadigan ko`plab mavzular mavjud bo`lib, ulardan biri — yangilangan ishlab chiqarish va qishloq xo`jaligi sanoati uchun yangi bozorlardir.

Shu nom ostidagi sessiya mahalliy va xorijiy ekspertlarni bir joyda birlashtirdi. Ular yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlarga o`tish bo`yicha qanday qadamlar qo`yilayotgani, shuningdek, investorlarning ushbu o`zgarishlarda ishtirok etish istiqbollari, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va eksportni rivojlantirish bilan birga qishloq joylarda yuqori maoshli ish o`rinlarini yaratish masalalari muhokama qilishdi.

Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosari, Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To`raev bugungi kunga qadar amalga oshirilgan bir qancha muhim o`zgarishlarni qayd etdi. O`zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilindi va bu mamlakatimizning xalqaro bozorga sifatli mahsulotlar bilan qaytishimiz mumkinligini anglatadi. Bundan tashqari, xotin-qizlar va yoshlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida ularga 10 sotixdan 1 gektargacha bo`lgan erdan er ajratish loyihasi boshlangan bo`lib, bugungi kunga qadar 175 ming nafar fuqaroga er uchastkasi ajratildi. Har bir santimetr erni monitoring qilish maqsadida qishloq xo`jaligini raqamlashtirish er taqsimlashdagi korrupsion holatlarni bartaraf etish uchun amalga oshirilmoqda. Qishloq xo`jaligining barcha yo`nalishida investorlar uchun katta imkoniyatlar mavjud. Masalan, unumdorligini yo`qotgan tuproqni qayta tiklash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, bog`dorchilikni yaxshilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish va boshqa ko`p ishlarni amalga oshirish zarur.

Latviya qishloq xo`jaligi vaziri Kaspars Gerxards o`z nutqida yosh fermerlarning ta`lim olishiga alohida e`tibor qaratdi. O`z davlatini misol qilib keltirar ekan, bu sohani rivojlantirishdagi asosiy masalalardan biri ekanini ta`kidladi. O`zbekiston qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksportini ko`paytirish uchun zarur bo`lgan vositalar qatorida vazir sarmoya, texnologik innovasiyalarni davlat bilan birgalikda rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va standartlashtirish, shuningdek, muhim muvaffaqiyatlarga erishilgan qishloq xo`jaligi sohasini target qo`llab-quvvatlash masalasini alohida ta`kidlab o`tdi.

«O`zbekistonda butun oila men bilan birga ishlaydi va biz barcha yutuq hamda qiyinchiliklarni o`zbeklar bilan baham ko`ramiz, – deydi Silverleafe kompaniyasi bosh direktori Den Patterson. — Ha, biz bir qancha qiyinchiliklarga duch keldik, lekin islohotlar kompaniyamizning bu erdagi imkoniyatlariga ijobiy ta`sir ko`rsatdi. Ekotizim haqida tushunchani shakllantirish va investisiyalarni yanada maqsadli hamda foydali qilish uchun tadqiqotlar o`tkazish zarur. Fermerlarga suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun shart-sharoit yaratilgan – bu ayni kunlarda juda muhim. Shuningdek, biz ham mamlakatda suvni tejash texnologiyalari bilan bog`liq rejalarni amalga oshirishni davom ettiramiz. Hozir biz hukumat va biznes o`rtasidagi sog`lom munosabatlar muhitini ko`rmoqdamiz va bu biz uchun hamkorlikni davom ettirish va uni rivojlantirish uchun rag`batlardan biridir. Biz logistika kompaniyasi ochishni va u orqali shaffof va qulay etkazib berish sohasini rivojlantirish uchun investisiyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz.

O`zbekiston uchun qishloq xo`jaligi muhim ahamiyatga ega, mamlakat sanoatida yalpi ichki mahsulotning 17 foizini aynan shu soha tashkil etadi, mehnatga layoqatli aholining uchdan biridan ortig`i shu yo`nalishda mehnat qiladi. Mahalliy mahsulotlarni eksport qilish, bu sohaga sarmoya jalb etish imkoniyatlari so`zga chiqqanlar diqqat markazida bo`ldi.

Xalqaro moliya korporasiyasining biznesni rivojlantirish bo`yicha menejeri Lukas Keysi o`z tashkiloti O`zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalariga, jumladan, qishloq xo`jaligiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi. Rama kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida yaqinda Qo`qon shahridagi o`g`itlar va Qashqadaryo viloyatida paxtani qayta ishlashga oid loyihalarga investisiya kiritildi. Mutaxassis mahsulot eksporti uchun yaxshi infratuzilma muhim ahamiyatga ega ekanligini va bu investorlar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratishini ta`kidladi. Yana bir qo`shma loyihaning amalga oshirilishi, 300 ga yaqin brendlar tomonidan 2013 yilda o`zbek paxtasiga nisbatan e`lon qilgan boykotni bekor qilishga yordam berdi. O`tgan 3 yil davomida biz bu borada ish olib bordik va endi maqsadimizga erishib, O`zbekistonda ushbu ekinni barqaror rivojlantirish bo`yicha rejalar tuzishimiz mumkin.

FAOning Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakili o`rinbosari Nabil Ganji O`zbekiston bilan hamkorlikda ish 2001 yilda boshlanganini ta`kidladi. Qishloq xo`jaligi sohasida ekspertlar investorlar uchun katta istiqbollarni ko`rmoqda va fermerlar va yoshlarning daromadlarini oshirish yo`llarini izlash, oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida e`tibor qaratish lozim, deb hisoblaydilar – bu mavzu hozir butun dunyoda dolzarb bo`lib qolmoqda. Agar 2017 yilgacha O`zbekiston asosan paxta eksport qilgan bo`lsa, hozirda xorijga jo`natilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi meva-sabzavot mahsulotlari bo`lib, bu raqamlashtirish va texnologiya tufayli amalga oshdi. Transformasiyani davom ettirish uchun investisiyalar kerak — ular soha xodimlari uchun imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.

    Boshqa yangiliklar