Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda "O`zeltexsanoat" uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov ma`lum qildi.
Elektrotexnika yo`nalishida 2021 yilda mamlakatimizda umumiy qiymati 152 million dollarlik yangi ishlab chiqarish loyihalari ishga tushgan bo`lsa, buning natijasida 3200 ortiq yangi ish joylari yaratildi. Bu o`z navbatida ishlab chiqarishga yuqori bilimli, muhandis-texnologlar, loyihalovchi dasturlash mutaxassislari, avtomatik boshqaruv bilan ishlaydigan zamonaviy IT (AyTi) mutaxassis kadrlarga bo`lgan talab katta ekanligini ko`rsatmoqda.
2025 yilga kelib qo`shimcha ishchi kasblarga bo`lgan ehtiyoj 18 ming nafarga etadi. Shundan, 14 ming nafari o`rta ma`lumotga ega mutaxassislar hisoblanadi.
Yangi O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham sohaga malakali mutaxassis-kadrlarni etkazib berishning yangicha tizimini yo`lga qo`yish ustida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi bilan ko`pgina mamlakatlarda o`z samarasini bergan «Dual ta`lim» dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo`yicha tajribalar o`rganilmoqda. Shuningdek, umumta`lim maktablarining yuqori sinf o`quvchilari uchun elektrotexnika sohasi bo`yicha maxsus to`garak mashg`ulotlari, ularda bu kasbga bolalikdan mehr uyg`otish maqsadida elektrotexnika sohasidagi korxonalarga “sanoat turizmi” tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizning eng chekka Nukus va Xorazm, Farg`ona va Namangan viloyatlarida faoliyat olib borayotgan korxonalarda ishlab chiqarish yo`nalishidagi mutaxassislarga talab yuqoriligi bois, o`sha hududlarda tashkil qilinayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarida payvandlovchi, elektrik, elektromontyor, operator, elektromexanik, maishiy texnikalarga xizmat ko`rsatuvchi ustalarni tayyorlash bo`yicha maxsus o`qishlar tashkil qilinmoqda. Bu markazlarga korxona talabidan kelib chiqib, o`qish istagini bildirgan yoshlar kasbga o`qitilmoqda.
Shu bilan birga, korxonalar ham o`z salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish uchun mustaqil kadrlar tayyorlash siyosatini amalga oshirmoqda. Mana yaqinda “Nostandart” (Namangan viloyati) korxonamizda xuddi shunday kasbga o`qitish markazi tashkil qilindi. Bu erda tokar, frezirovkachi, konstruktor, chilangar, metall quyuvchi kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanmoqda. Eng muhimi bu erda stajirovka o`tagan yoshlar ushbu korxonaning o`zida ishga joylashtiriladi. Doimiy ish bilan bandligi kafolatlanadi. Hozirda korxona ishlab chiqarishni kengaytirish bo`yicha yangi loyihalarni amalga oshirmoqda. Buning natijasida yaqin ikki-uch oyda 150 nafar xodimni ishga joylashtirish imkoniyati yuzaga keladi. E`tiborli jihati, ayni kunda tahsil olayotgan tinglovchilar korxona hisobidan 1 000 000 so`mgacha stipendiya, issiq ovqat va yotoq-joy bilan ham ta`minlanmoqda.
Albatta, tashkil etilayotgan yangi korxonalarning qariyb 60 foizini o`rta maxsus ma`lumotga ega mutaxassislar tashkil etadi. Bu ishchi o`rinlarini to`ldirish maqsadida Toshkentdagi Chilonzor 1-son kasb-hunar maktabi bilan boshlang`ich kasb mutaxassisliklarini tayyorlashga katta e`tibor qaratilyapti.
Bugungi kunda ushbu kasb-hunar maktabida 10 dan ortiq mutaxassisliklar bo`yicha boshlang`ich kadr tayyorlanmoqda. Yoshlarga bolalikdan bu kasbga qiziqishini oshirish maqsadida uyushma huzurida “Makerspace” va “Co-working” xonalari tashkil etildi. Ushbu texnik ijodkorlik xonalari maxsus texnikalar bilan jihozlangan. Bu erda bolalar maktab davridan boshlab, texnikaga oid bilimlarini mustahkamlab boradi. Yangi g`oyalar, startap loyihalar, ishlanmalarini shu joyning o`zida sinovdan o`tkazadi. Endilikda umumta`lim maktabining yuqori sinf o`quvchilari uchun Mehnat fani ta`limida elektrotexnika yo`nalishida kasb hunar o`qitiladi.
Yana bir oldimizdagi dolzarb masala elektrotexnika sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarining etarli emasligi. Ko`pgina tadqiqot ishlari, afsuski qog`ozda qolib ketyapti, amaliyotga tatbiq etilayotgani yo`q. Bu borada hozir ilmiy–tadqiqot va tajriba-konstruktorlik (R&D) markazini tashkil etish vazifasi qo`yilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalari talabalari uchun «Master klass» mashg`ulotlari tashkil qilinmoqda. Xuddi shunday mashg`ulotlar Urganch davlat universitetida, Jizzax politexnika institutida, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot, Buxoro muhandislik-texnologiya institutlarida yuqori muvaffaqiyatlarga erishgan tadbirkorlar ishtirokida «Mahorat darslari» tashkil qilindi. Hatto shu joyning o`zida yoshlarga tadbirkorlar tomonidan bo`sh ish o`rinlari taklif qilinmoqda. Mashg`ulot natijalariga ko`ra, yoshlarni ishga joylashtirish choralari ham bir paytda hal qilinmoqda.






