BMT Bosh Assambleyasi Ukrainadagi gumanitar vaziyat bo`yicha Rossiyaga qarshi rezolyusiyani qabul qildi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.
Hujjatni 140 ta davlat qo`llab-quvvatladi, 38 ta davlat betaraf qoldi. Belarus, Rossiya, Suriya, Shimoliy Koreya va Eritreya kabi davlatlar esa rezolyusiyaga qarshi chiqdi.
Dastlab rezolyusiya Xavfsizlik kengashi yig`ilishida qabul qilinishi rejalashtirilgan edi, biroq Rossiya vakillari veto huquqidan foydalanishlari haqida oldindan ogohlantirgan. Natijada, Fransiya va Meksika Bosh Assambleya doirasida o`z rezolyusiyasini ovozga qo`ydi.
Rezolyusiyaga ko`ra Rossiyadan Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to`xtatish, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilmaslik talab etiladi. Hujjat mualliflari tinch aholining xavfsiz evakuasiya qilinishini, shuningdek, yordamga muhtojlarga insonparvarlik yordami etkazilishini ta`minlashni talab qilgan.
Qarorda ta`kidlanishicha, Ukrainadagi shaharlarning, xususan, Mariupolning qamal qilinishi tinch aholi uchun gumanitar vaziyatni yanada og`irlashtirib, evakuasiya qilish harakatlariga to`sqinlik qilmoqda. Bosh Assambleya Ukraina shaharlarining blokadasini to`xtatishga chaqirdi.
BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlaridan farqli o`laroq, Bosh Assambleya rezolyusiyalari davlatlarga nisbatan majburlash choralarini belgilay olmaydi.






