Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Adliya vazirligi hamda qator huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas`ullarining Namangan viloyati mahallalaridagi o`rganishlari davomida davlatimiz rahbarining mahalla va oila institutlarini uyg`un rivojlantirish, mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar etakchilari, profilaktika inspektorlarining o`zaro hamkorlikda yanada samarali ishlashi, hududlardagi muammolarni hal qilishi uchun yaqindan yordam berildi.
Uch kun davomida Namangan viloyatida 1 ming 540 dan ziyod xonadon va qariyb 1 ming 460 ta ob`ekt o`rganilib, aniqlangan 478 ta masaladan 416 tasiga echim topildi.
Masalalarga avvalo mahalliy sharoitlardan kelib chiqib echim topish, shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish bilan bog`liq jihatlar, amalga oshiriladigan ishlar, loyihalar-u rejalar eng quyi tizim vakillari bilan muhokama qilindi va muammolarga echim izlandi.
Masalan, Yangiqo`rg`on tumanida o`tkazilgan o`rganishlarda Abdufattoh Barnoev “Gulshan” mahallasida 5 yildan beri ishlamayotgan oilaviy shifokorlik punktini zamonaviy asosda qayta ishga tushirish, Madina Mamajonova esa Yangi Bog`iston mahallasida yangi maktab barpo qilish bilan bog`liq masalalarga echim so`radi. Bu ikki masala viloyat darajasida hal qilib beriladigan bo`ldi. “Oqsuv” mahallasida yashovchi Salimaxon Ermatovaning ham uy-joy bilan bog`liq muammosiga o`sha erning o`zida echim topildi.
Aslida aksariyat muammoning ildizi – ro`zg`ordagi etishmovchilik, daromad kamligi bilan bog`liq. Shu bois ham Xalq qabulxonalari va sektorlar rahbarlari oilalar daromadlarini oshirish, osuda, obod va farovon turmushning mustahkam poydevorini yaratishda mahalla raislari boshchiligidagi yangi tizim vakillariga har tomonlama ko`mak bermoqda. Ayni shu hamkorlikning ilk natijalari esa ko`plab mahallalarda bo`y ko`rsatib qoldi.
Aytaylik, Kosonsoyda parrandachilik – qo`shimcha daromad drayveriga aylanmoqda. Ayni paytda tumandagi 37 mingdan ortiq xonadonning qariyb 16 mingtasida 150 mingdan ziyod tovuq boqilmoqda. Bu – tumandagi 43,2 foizdan ortiq xonadon vakillari nainki qo`shimcha daromad manbaiga, balki tovuq parvarishlash bo`yicha yaxshigina malakaga ham ega bo`lmoqda, degani. Yana bir misol: “Ququmboy” mahallasida yashovchi 27 yoshli Oqilbek Xoldorov akasi bilan uyida 8 turdagi “Bramma” zotli 100 dan ziyod tovuqlarni boqib, yaxshigina foydaga kirgan. Mo``jaz inkubatorida jo`jalar ochirib, ko`paytirmoqda. Oqilbekning aytishicha, bir dona “Bramma” tuxumini eksportyorlar 6 dollardan sotib olib, MDH davlatlari, Ruminiya va Fransiyaga eksport qilmoqda. Mas`ullarning hokim yordamchisi va yoshlar etakchisi bilan o`rganishlaridan so`ng bu aka-uka faoliyatini rivojlantirish, birinchi qo`l eksportchiga aylantirish, shu asosda boshqa kam daromadli oilalarni ham kooperasiya asosida ularga biriktirish reja qilindi. Buning uchun Oqilbek Xoldorovga dastlab 33 million so`m kredit ajratiladigan bo`ldi.
Yana bir misol – Uchqo`rg`on tumani “Sohil” mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Dilshodbek Otamirzaev “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida xonbaliq etishtirish bo`yicha 9,2 mlrd. so`mlik loyihani amalga oshirmoqda. Kooperasiya usulidagi bu yangi loyihaga Uchqo`rg`onning besh mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ellikka yaqin oila vakillari qamrab olinmoqda. Hozirda intensiv usulda baliq etishtirish uchun qurilish ishlari olib borilmoqda. O`rganishlar davomida bu kooperasiyalarni xonadonlarga olib kirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Uchqo`rg`onlik Shahnoza Sayfiddinova ham kooperasiya asosidabaliq parvarishlashni niyat qilgan ekan, 2-sektor rahbari va mahalla mas`ullari unga bu borada yordam berishga kirishdi. Umuman, o`rganishlar davomida viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 77 nafar kishiga 1 mlrd. 213 mln. so`m kredit ajratildi, 634 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 200 nafar kishi kasbga o`qitishga yuborildi.
O`rganishlar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan ham xabar olindi, olis-chekka va chegaradosh qishloqlardagi qariyb 81 ming nafar kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi, 70 nafar bemorga davolanish uchun yo`llanma, 10 ming 860 nafardan ziyod insonlarga bepul dori-darmonlar berildi, ijtimoiy yordam ko`rsatildi. Ichki ishlar vazirligi mas`ullari Kosonsoy tumanidagi ko`zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan ham tanishib, qalb ko`zlari ravshan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. Maktabning 243 nafar o`quvchisiga maktab kiyimlari, sport anjomlari va boshqa sovg`alar topshirildi. Dasturxon yozilib, konsert va xayriya tadbiri tashkil etildi.
Bundan tashqari, Respublika idoralararo ishchi guruhining Namangan viloyatidagi faoliyati yakuni bo`yicha Xalq qabulxonalari, sektorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar etakchilari va profilaktika inspektorlari hamkorligini mustahamlash bo`yicha o`quv-seminarlar tashkil qilindi.
O`rganishlar natijalari tanqidiy tahlil qilingan yig`ilishda “Inson qadri uchun!” g`oyasini amalga oshirish, islohotlar natijalari har bir oilada, har bir inson hayotida sezilishi uchun “mahallabay” ishlashning yangi tizimini samarali amalga oshirishdagi o`zaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash bo`yicha sektorlar kesimida aniq vazifalar, muddat va mas`ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan og`ir bo`lgan 54 ta mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash bo`yicha har bir mahallaning “Yo`l xaritasi” ishlab chiqildi.