Joriy yilning 4 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan bo`lib o`tgan muzokaralarda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta`kidlagandi.
Aynan mazkur yo`nalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo`shni davlatlar bilan transport yo`laklarini yanada diversifikasiya qilish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish, yuklarni tranzit qilish tartibini soddalashtirish uchun qo`shimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi eksport va import yuklarining Sharqiy Osiyo davlatlaridan uzluksiz logistikasini tashkil etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi, Afg`oniston Islom Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida 26-27 mart kunlari Termiz shahrida transport masalalari bo`yicha uch tomonlama ishchi guruh uchrashuvi bo`lib o`tmoqda.
Uchrashuvda O`zbekiston, Afg`oniston va Pokiston davlatlari hududi bo`ylab avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari muhokama etilmoqda.






