AsosiyDunyo

Ingliz olimlari o`pka saratonini davolovchi robot yaratdi

'Ingliz olimlari o`pka saratonini davolovchi robot yaratdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot va PR xizmati rahbarining xabar berishicha, Buyuk Britaniyaning Lids universiteti olimlari uzoq izlanishlardan so`ng o`pka saratonini aniqlash va davolashda qo`l keladigan robot yaratgan. Ushbu innovasiya o`pka va bronxlarning eng nozik qatlamlaridagi saraton to`qimalaridan namuna olishga qodir. Qolaversa, uning yordamida xavfli o`simtalar joylashgan nuqtalarning o`ziga yuqori aniqlikda va samarali tarzda dori etkazib berish mumkin.

Buning uchun robotning maxsus mitti naysimon moslamasi burun yoki og`iz bo`shlig`i orqali bronxial yo`llarga kiritiladi. U yumshoq elastomerdan yasalgan va mayda magnit zarrachalari bilan jihozlangan. Shu sababli juda moslashuvchan bo`lib, o`pkaning murakkab burilishlari bo`ylab ishlashga qodir.

"Yangi ixtiro o`pka kasalliklarini tekshirish va davolashda qimmatli vosita bo`ladi, — deydi tadqiqot rahbari, professor Petro Valdastri. — Shuningdek, u tashxis jarayonida bemorlarning rentgen nurlaridan zararlanishiga ehtiyoj qoldirmaydi”.

Mutaxassislar fikricha, robot tez orada dunyoning etakchi klinikalarida eng og`ir kasalliklarni muolaja qilishda keng qo`llanila boshlaydi.

    Boshqa yangiliklar