Yaqinda Armanistonda qiziq holat yuz berdi. Prezident Armen Sarkisyan amalda mamlakat ichki va tashqi siyosatiga ta`sir o`tkaza olmasligidan norozi bo`lib, iste`fo berdi. Uning o`rniga yagona nomzod – yuqori texnologiyalar sanoati vaziri Vaagn Xachaturyan prezidentlikka kirishdi, ya`ni kurash ham bo`lmadi. Dunyoda prezidentlik shunchaki ramziy lavozim, asosiy vakolatlar bosh vazirda bo`lgan ko`plab davlatlar bor.
Ma`lumot uchun
Prezidentlik davlati
Bunda, Prezident umumxalq saylovlari asosida muayyan belgilangan muddatga o`z lavozimiga saylanadi. Hukumat prezident oldida hisobdor bo`ladi. Prezident mustaqil holda normativ va normativ bo`lmagan hujjatlar qabul qilish, parlament qabul qilgan qonunlarga veto qo`yish huquqiga ega. Prezident mamlakatda oliy bosh qo`mondon vazifasini ham amalga oshiradi. Hozirgi jahon tajribasida Prezidentlik respublikasining bir qancha ko`rinishlari mavjud.
Parlamentar davlat
Buning o`ziga xos xususiyati shuki, parlament davlatda etakchi rolni o`ynaydi, u qonunlarni qabul qilishdan tashqari, hukumatga va davlat boshqaruvining boshqa organlariga kuchli ta`sir o`tkazadi. Hukumatning tarkibini yo deputatlik o`rinlarining yarmidan ko`piga ega bo`lgan bir partiyadan iborat parlament ko`pchiligi yoki partiyalar kaolisiyasi belgilaydi.
Pokiston
Bu mamlakat konstitusiyasiga ko`ra, boshqaruv bosh vazir qo`lida va 2018 yilning 18 avgustidan buyon Imron Xon Pokistonni boshqarib kelmoqda. Barcha muhim sohalar, shuningdek, tashqi va ichki siyosat, armiya bilan birga nafaqat Pokistonda, balki dunyoda ham juda katta nufuzga ega bo`lgan ISI maxsus xizmati ham bevosita Imron Xonga bo`ysunadi.
Lekin shu bilan birga bu davlatda ham prezident bor va yaqin-yaqingacha ham u katta vakolatlarga ega bo`lgan. Jumladan, parlamentni tarqatish, bosh vazirni bo`shatish va bosh qo`mondonlik kabi.
Bugungi kunda Pokiston prezidenti rasmiy va ramziy lavozimga aylangan. Ayni paytda bu lavozimda Orif Alviy faoliyat yuritmoqda.
Germaniya
Evropaning bu qudratli davlatining prezidenti borligini ko`pchilik bilmaydi ham. Bundan tashqari, aksariyat odamlar yaqinda lavozimini topshirgan Angela Merkelni haligacha davlat rahbari deb hisoblashadi. Ammo Germaniyaning prezidenti ham bor va 2017 yilning 19 martidan beri Frank-Valter Shtaynmayer bu lavozimda ishlab kelmoqda. Davlatning vakolatli rahbari esa reyxkansler Olaf Shols hisoblanadi.
Germaniya davlat boshqaruvida bu uslubni tanlashiga o`tgan asrning 30-yillaridagi achchiq tajriba sabab bo`lgan. O`shanda Veymar respublikasi deb nomlangan bu davlatning to`laqonli prezidenti bo`lgan. Ammo siyosatga shiddat bilan kirib kelgan va reyxkansler maqomiga erishgan Adolf Gitler keyinchalik bu ikki lavozimni birlashtiradi va haqiqiy diktatura o`rnatadi. Ikkinchi jahon urushiga sababchi bo`lib qolgan Germaniya keyinchalik prezidentlik vakolatlarini keskin susaytirdi va asosiy jilovni reyxkansler zimmasiga yukladi.
Vengriya
Vengriyaning amaldagi prezidenti Yanosh Ader 2012 yilning 12 mayida bu lavozimga kirishgan va yaqinda uning vakolati tugaydi. Chunki konstitusiyaga muvofiq, u ikki marta 5 yillik muddatga saylanishi mumkin.
Vengriya prezidenti ham ayrim vakolatlarga ega, lekin ular ramziy xarakterda. Masalan, demokratik jarayonlarni kuzatish, millat birligini tamsil etish kabi.
Ammo davlat boshqaruvida asosiy vakolatlar hukumat rahbari, ya`ni amaldagi bosh vazir Viktor Orban qo`lida. Bosh vazir mamlakat ichki va tashqi siyosatini yuritadi, mudofaani boshqaradi, byudjet va iqtisodiy blokni nazorat qiladi.
Italiya
Bu mamlakatning amaldagi bosh vaziri Mario Dragi hisoblanadi va u bu lavozimni 2021 yilning 13 fevralidan buyon egallab kelmoqda. Rasman u mamlakat prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlansa-da, amalda parlamentar etakchilik ortidan davlatni boshqaradi.
Bugungi kunda Italiya prezidenti Serjo Mattarella bo`lib, u 2015 yildan buyon bu lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda. Qizig`i shundaki, joriy yil 3 fevralida ishlardan chetlashib, dam olishga hozirlangan Matarella niyatiga eta olmadi. Parlament 7 turda ham yangi prezidentni saylay olmadi. Shundan so`ng Mario Dragi rasman Serjo Mattarellaga murojaat qilib, o`z faoliyatini davom ettirishini so`radi. Ko`pchilik bu jarayonda Mario Dragining o`zi prezidentlik faxriy lavozimini egallashini kutishayotgandi, ammo bunday ham bo`lmadi.
Hindiston
Aholisi 1,5 milliardga yaqinlashayotgan bu davlat boshqaruv tizimida ham prezident eng etakchi rol o`ynamaydi. Mamlakatda Rashtrapati deya ulug`lanadigan Hindiston prezidenti Konstitusiyaga ko`ra, davlatning birinchi raqamli fuqarosi, qurolli kuchlar oliy bosh qo`mondoni hisoblanadi. Shu bilan birga afv qilish huquqi, ayrim holatlarda shtatlar qonunchilik organlarini tarqatib yuborish kabi vakolatlarga ega. Ammo shunga qaramay, bu vakolatlar ramziy xarakterda va asosiy jilov hukumat rahbari bo`lgan bosh vazir qo`lida.
Ayni paytda Hindiston prezidenti Ram Natx Kovind bo`lib, u bu lavozimni 2017 yilning 25 iyulidan beri egallab kelmoqda.
Hindiston bosh vaziri esa Narendra Modi hisoblanadi va u bu lavozimda 2014 yilning 26 mayidan beri faoliyat yurityapti. Shu erda qiziq jihat bor – bosh vazir prezident tomonidan tayinlanadi. U har ikki palata deputatlaridan biri bo`lishi mumkin, ammo etakchi partiya vakili bo`lishi shart. Shuningdek, bosh vazir prezidentning asosiy maslahatchisi hisoblanadi va parlamentda ko`pchilik tomonidan qo`llab-quvvatlanishi lozim. Agar aksi bo`lsa, iste`foga chiqishi shart.
Isroil
Yahudiylar mamlakatining prezidenti knesset (Isroil parlamenti) tomonidan 7 yil muddatga saylanadi va faqat bir muddat bu lavozimni egallashi mumkin. 2021 yil 7 iyuldan buyon Isroil prezidentligini Ishoq Gersog egallab turibdi. Bu davlatda ham prezident ramziy lavozim hisoblanadi va tantanavor funksiyalarni bajaradi. Knesset qabul qilgan qarorlarni imzolaydi, elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qiladi, madaniy-ma`rifiy tadbirlarda ishtirok etadi. Bu lavozim bir vaqtlar Albert Eynshteynga taklif etilgani va olim bu taklifni rad etgani bilan ham e`tiborga tushgan.
Davlatning haqiqiy boshqaruvi bosh vazir qo`lida va bu lavozim uchun partiyalar o`rtasida haqiqiy kurash ketadi. 2021 yil 13 iyundan buyon bu lavozimni Naftali Bennet egallab kelmoqda. 1969-1974 yillar oralig`ida mamlakatni boshqargan, Isroil tarixidagi yagona ayol bosh vazir bo`lgan Golda Meirning “Bizda yadro quroli yo`q, lekin lozim bo`lsa, undan foydalanamiz”, degan so`zlari bosh vazirning vakolatlari qay darajada ekanligining bir isbotidir.
Avstriya
Bu mamlakat prezidentligi o`ziga xos tarixga ega va rasman federal prezident deb nomlanadi. Amaldagi barcha prezidentlar aholi o`rtasida katta obro`ga ega bo`lgan va ularning hech biri ikkinchi muddatga saylanmay qolmagan. Faqat bir kishi ikkinchi muddatga nomzodini qo`ymagan bo`lsa, ko`pchilik prezidentlik lavozimi payti vafot etgan.
Amaldagi prezident Aleksandr Vander Bellen yashillar partiyasi vakili bo`lib, 2017 yil 26 yanvardan buyon bu lavozimni egallab kelmoqda. Uning ham konstitusion vakolatlari keng bo`lsa-da, amalda ramziy vazifalarni bajaradi va mamlakat boshqaruvi asosan parlamentar ko`pchilik vakili tomonidan amalga oshiriladi.
Ko`pchilik bosh vazir deb ataydigan, rasman federal kansler hisoblangan Avstriya birinchi raqamli lavozimini 2021 yil 6 dekabridan buyon Karl Nexammer band qilib turibdi. Federal kanslerni rasman federal prezident tayinlaydi. Lekin u parlamentda eng ko`p ovoz olgan bo`lishi lozim.
Maqolada prezident boshqaruvchi shaxs bo`lmagan ayrim davlatlar keltirildi. Shu bilan birga davlatning ramziy rahbari monarxlar bo`lgan ko`plab davlatlar bor va ularda ham asosiy boshqaruv bosh vazir tomonidan amalga oshiriladi.
Abror Zohidov






