AsosiyJamiyat

O`zbekiston – Turkiya: Bardavom qardoshlik munosabatlarining yangi bosqichi

'O`zbekiston – Turkiya: Bardavom qardoshlik munosabatlarining yangi bosqichi'ning rasmi

Uzoq o`tmishimizdan ma`lumki, O`zbekiston bilan Turkiyani til va tarix, madaniyat va an`analar mushtarakligiga asoslangan yaqin do`stlik va qardoshlik rishtalari bog`lab turadi. Bu haqda Dunyo xabar bermoqda

Mamlakatimizning mustaqil rivojlanishi solnomasiga nazar tashlansa, Turkiya O`zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo`lib tan olgan davlat sifatida tarixda qolganini ko`rish mumkin. Bu, shubhasiz, xalqlarimiz o`rtasidagi yaqin qardoshlikning yorqin tasdig`i bo`lgan edi.

1996 yilda mamlakatlarimiz o`rtasida Abadiy do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnoma imzolangan.

Mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatiya aloqalari 1992 yil 4 mart kuni o`rnatilib, o`sha yilning aprel oyida Turkiyaning Toshkentda elchixonasi ochilgan. 1993 yil may oyidan boshlab esa Anqarada O`zbekiston elchixonasi, 1996 yil oktyabr oyidan e`tiboran Istanbulda bosh konsulxona, 2021 yil mart oyidan Samarqandda Turkiyaning bosh konsulxonasi faoliyat ko`rsatib kelmoqda.

Shu paytga qadar mamlakatimizdan Turkiyaga, va aksincha, Turkiyada mamlakatimizga ko`plab oliy darajadagi tashriflar bo`lib o`tdi.

2017 yil oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chog`ida ikki mamlakat hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko`taradigan Qo`shma bayonot imzolangan edi. O`zbekiston rahbarining 2020 yil 19-20 fevral kunlari Turkiyaga buyurgan tashrifi doirasida esa Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ilk yig`ilishi o`tkazilishi asnosida o`zaro aloqalarimiz yana bir yuqori darajani kasb etgan edi.

Yuqoridagilardan tashqari, «Bir makon – bir yo`l» xalqaro anjumani (2017 yil 14 may, Pekin shahri), Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo`yicha birinchi sammiti (2017 yil 10 sentyabr, Ostona shahri), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning 5-sammiti (2019 yil 15 iyun, Dushanbe shahri) va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7- (2019 yil 15 oktyabr, Boku shahri) va 8-sammitlari (2021 yil 12 noyabr, Istanbul shahri) doirasida ham ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari bo`lib o`tdi.

Shu paytga qadar mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirliklari  o`rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning o`n davrasi o`tkazildi. Bundan tashqari, tashqi ishlar vazirlari raisligida Strategiyani rejalashtirish guruhining ikki yig`ilishi ham bo`lib o`tdi.

Yana bir muhim jihat. 2019 yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O`zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to`la huquqli a`zo bo`ldi. O`zbekistonning mazkur tashkilotga qo`shilishini barcha turkiy mamlakatlar, avvalo, Turkiya Respublikasi qizg`in qo`llab-quvvatladi. Shu tariqa mamlakatlarimiz uchun yana bir xalqaro tuzilma doirasida ikki va ko`p tomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo`ldi.

O`zbek-turk hamkorligining shartnoma-huquqiy asosini «O`zbekiston va Turkiya o`rtasida doimiy do`stlik va hamkorlik to`g`risida»gi Shartnoma hamda savdo, iqtisodiyot, transport, turizm, madaniyat, shuningdek, terrorizm hamda giyohvandlikka qarshi kurash bo`yicha 123 ta hujjat tashkil etadi. Ulardan 12 tasi davlatlararo, 56 tasi hukumatlararo, 21 tasi idoralararo va 34 tasi esa boshqa yo`nalishda hamkorlikka doir hujjatlardir.

Turkiya O`zbekistonning Rossiya, Xitoy va Qozog`istondan keyin to`rtinchi o`rinda turadigan yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2021 yili ikki mamlakatning tovar aylanmasi 3,6 milliard dollarni tashkil etdi. Mamlakatimizda Turkiya investisiyalari ishtirokida 1826 korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 712 tasi qo`shma korxona bo`lsa, 946 tasi 100 foizlik turk kapitali ishtirokida barpo etilgan korxonalardir.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha o`zbek-turk hukumatlararo komissiyasining 6-yig`ilishi 2021 yil 28 iyunda Toshkent shahrida (hamraislar – O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Turkiya vise-prezidenti Fuat Oktay) o`tkazildi.

Xuddi shuningdek, mamlakatlarimiz o`rtasida parlamentlararo hamkorlik, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham tobora ravnaq topmoqda.

Darhaqiqat, oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda muntazam ravishda mamlakatlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etilgani natijalari ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun qulay sharoitlarni yaratish, investisiya muhitini yaxshilash, qo`shma kooperasiya loyihalari va boshqa dasturlarni amalga oshirish kabi ko`plab yo`nalishlarda o`z aksini topmoqda.

Shu o`rinda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik haqida ham alohida to`xtalish maqsadga muvofiqdir.

Turkiya O`zbekistonning tarixiy va zamonaviy boy madaniy merosiga katta hurmatni namoyon etadi. Masalan, turk san`atkorlari Samarqand shahrida o`tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etishadi. 2021 yil 29 oktyabrda Istanbulda O`zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Otaturk madaniyat markazining yangi binosi va Beyo`g`li madaniyat yo`lining ochilish marosimida, 12 noyabr kuni esa Kinematografiya agentligi direktori F.Abduholiqov bilan birga «Qo`rqut ota Turk dunyosi filmlari festivali»da qatnashdi.

Bundan tashqari, «Xiva - turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro dasturi doirasida 2021 yil 3 mart kuni Anqara shahrining Kechio`ren tumanidagi «Jo`ka vodiysi» hududida Muhammad al-Xorazmiy haykali, 11 avgustda esa  Nevshehir viloyatining O`rtahisor tumanida «Xiva bobo» («Hibe Dede») yodgorligi majmuasi ochildi.

Xuddi shuningdek, Toshkentda 1997 yilda «Axisxa» turk milliy madaniy markazi, 2003 yilda esa «O`zbekiston – Turkiya» do`stlik jamiyati tashkil etilgan.

1993 yildan O`zbekistonda Turkiya xalqaro hamkorlik
va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) vakolatxonasi faoliyat olib bormoqda. TIKA respublikamizda sog`liqni saqlash va qishloq xo`jaligi tizimlarini isloh etish, kichik va o`rta tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 60,15 million AQSh dollaridan ortiq  qiymatga ega bo`lgan loyihalarni hayotga tadbiq etmoqda. Shuningdek, TIKA ishtirokida Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida suyak iligi transplantasiyasi Markazi hamda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti huzurida chaqaloqlarni davolashga ixtisoslashgan «Neontologiya palatasi» barpo etilgan.

Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetida «Lingvistika (turk tili)» va «Turizm» mutaxassisliklari bo`yicha qo`shma ta`lim dasturlari tashkil etilgan bo`lib, Turkiyadan 4 nafar volontyor o`qituvchi jalb qilingan. Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi diplomatlari turkshunos talabalar uchun turkum ma`ruzalar o`qishlari an`anaga aylanib qolgan.

Darhaqiqat, oliy ta`lim sohasidagi o`zaro hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. 2019 yili Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiyaning Sog`liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda qo`shma fakultet, 2020 yili esa Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filiali tashkil etilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Yuqorida bayon etilganlar dalil va fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda ishonch bilan qayd etish mumkinki, Turkiya etakchisining mamlakatimizga ushbu rasmiy tashrifi ham o`zaro aloqalar ravnaqiga salmoqli turtki bag`ishlashi asnosida ikki qardosh xalqlarning o`zaro manfaatli va bardavom hamkorligi solnomasida yangi sahifa ochadi.

    Boshqa yangiliklar