AsosiyDunyo

Rossiya va Ukraina muzokaralarida siljish bor

'Rossiya va Ukraina muzokaralarida siljish bor'ning rasmi

Rossiya va Ukraina 29 mart kuni Istanbulda muzokaralarning yangi raundini boshladi, muzokaralar oldidan Turkiya prezidenti Rajab Erdo`g`on tomonlarga murojaat bilan chiqdi. Uchrashuv 30 mart kuni ham davom etadi. Avvalroq Britaniyaning Financial Times gazetasi Kreml muzokaralarda Ukrainaning “denasifikasiya qilinishi”ni ortiq talab qilmayotgani va, agar Ukraina betaraflik maqomini olsa, uning Evroittifoqqa kirishiga qarshi emasligi haqida yozgan edi. 

Istanbuldagi Do`lmabog`cha saroyida bo`lib o`tgan muzokaralarda  Ukraina tomonidan mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, Prezident ofisi boshlig`ining maslahatchisi Mixail Podolyak hamda parlamentdagi “Xalq xizmatkori” hukmron partiya fraksiyasi rahbari David Araxamiya ishtirok etadi. Rossiya tomonini esa prezident Putinning maslahatchisi Vladimir Medinskiy, deputat Leonid Sluskiy va boshqa mas`ullar ifoda etdi. Muzokaralar oldidan nutq so`zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo`g`on Putin ham, Zelenskiy ham unga “qadrli do`st” ekanligini aytgan. U zudlik bilan o`t ochishni to`xtatish kerakligi va fojiani to`xtatish ikki tomonga ham bog`liq ekanligini ta`kidlagan.

“Ikkala davlatning haqli xavotirlarini bartaraf etadigan va xalqaro hamjamiyat tomonidan ishonchli deb qabul qilinadigan echimga erishish mumkin. Muzokaralardagi muvaffaqiyatingiz keyingi qadamni, etakchilar darajasidagi muloqotni amalga oshirishga imkon beradi. Biz bunday uchrashuvga mezbonlik qilishga tayyormiz”, - dedi Turkiya prezidenti. 

Turkiya NATO a`zosi, ammo Rossiya bilan aloqalarini saqlab qolgan. Erdo`g`on G`arbning Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalariga qo`shilishdan bosh tortgan. Oldinroq Ukraina tomoni muzokaralardan bosh maqsadi o`t ochishga erishish bo`lishini aytgan. Har holda ikki haftalik uzilishdan so`ng tomonlar ilk marotaba bir stol atrofiga o`tirdi. Muzokaralarda biror kelishuvga erishish umidlari juda oz bo`lsada, muloqotning o`zi tinchlik uchun tashlangan katta qadamdir. 

Delegasiya a`zolarining ham kengaytirilgan, ham delegasiyalar rahbarlarining yakkama-yakka muloqoti o`tkazildi. Ukrainadan muzokara guruhining rahbari David Araxamiya Kievning xavfsizlik kafolatlari bo`yicha shartlarini ma`lum qildi. Uning so`zlariga ko`ra, 8 mamlakat, shu jumladan, Turkiya Ukraina xavfsizligining kafolatchisi bo`lishi mumkin.  «Ukraina BMT Xavfsizlik Kengashi, shu jumladan, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Fransiya, Turkiya, Germaniya, Polsha va Isroilni mamlakat xavfsizligi kafolatchilari sifatida ko`rishni istaydi. Boshqa mamlakatlar shartnomaga o`z istagiga ko`ra qo`shilishi mumkin», - dedi Araxamiya. 

Istanbuldagi RF bilan muzokaralarda ukrain delegasiyasi a`zosi bo`lgan Aleksandr Chaly o`z navbatida, agar shartlarga erishilsa, Ukraina neytralitetga tayyor bo`lishini qayd etdi. Uraina prezidenti idorasining rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Ukraina va Rossiya delegasiyalarining Istanbuldagi muzokaralari ikki mamlakat prezidentlari muzokaralarini tashkillashtirish uchun etarli.

Muzokaralardagi RF delegasiyasi rahbari Vladimir Medinskiy ham o`z pozisiyasini aniqlashtirdi. Rossiya tomoni Ukrainadagi vaziyatni izga solish uchun ikki qadam tashlash niyatida ekanini ochiqladi. Ulardan biri harbiy, ikkinchisi siyosiy qadam hisoblanadi. «Pozisiyalardan biri – harbiy qismga tegishlisini mudofaa vazirining o`rinbosari oshkor etadi, siyosiysini esa men aytaman», - qo`shimcha qildi delegasiya rahbari. Medinskiy so`zlariga ko`ra, Rossiya delegasiyasi Istanbulda ukrain tomonidan aniq tiniq bayon etilgan pozisiya va takliflarni olgan bo`lib, ular o`rganilib, mamlakat rahbariyatiga etkaziladi. 

Bugungi kunda ko`pchilikni Rossiya va Ukraina prezidentlarining uchrashuvi masalasi qiziqtirmoqda. Agar Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirliklari darajasida dastlabki tinchlik shartnomasi imzolansa, bir vaqtning o`zida Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi ham o`tkaziladi. Vladimir Medinskiy Istanbuldagi muzokaralarning irinchi kuni yakunlanganidan keyin jurnalistlarga shu haqda gapirgan. 

Oldinroq o`t ochishni to`xtatish borasidagi 3 martda o`tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida qatnashgan rossiyalik milliarder Roman Abramovich va Ukraina delegasiyasi a`zolarida zaharlanish simptomlari kuzatilgan. Bu haqda Wall Street Journal nashri o`z manbalariga tayanib xabar bergandi.Bellingcat nashri bu xabarni tasdiqladi.Reuters agentligiga gapirgan Amerika razvedkasi vakillari bu holat zaharlanish emas, balki unga atrof-muhit sabab bo`lganini aytgan.Wall Street Journal ning yozishicha, Abramovich va Ukraina delegasiyasining ikki a`zosida ko`z qizarishi, undan muntazam va bemorlarda uchraydigan yosh chiqishi hamda yuz va qo`llardagi terining ajralishi kabi holatlar kuzatilgan.Abramovichga yaqin manba Bi-bi-siga bir necha hafta oldingi muzokaralarda milliarderda zaharlanish alomatlari kuzatilganini tasdiqladi.Wall Street Journal nashrida yozilishicha, Abramovich urush boshlanganidan so`ng Kiev va Lvov shaharlariga borgan va Zelenskiy bilan ko`rishgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning vakili unga zaharlanish bilan bog`liq hodisa haqida hech narsa ma`lum emasligini aytgan. Ayni damda Turkiyada o`tayotgan Rossiya va Ukraina o`rtasidagi muzokaralarda Roman Abramovich ham ko`rinish bergan. Muzokaralar boshlanishidan oldin Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba muzokaralarda ishtirok etishi kerak bo`lgan barcha ukrainaliklarga hech narsa emaslik, ichmaslik va iloji boricha hech narsaga teginmaslik tavsiyasini bergan.

 

    Boshqa yangiliklar