AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Xorazmda rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

'Shavkat Mirziyoev Xorazmda rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi'ning rasmi

Turkiya Prezidentining yurtimizga tashrifi yakunlanganidan so`ng, davlatimiz rahbari Xorazmda rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot  xizmati xabar berdi. 

Mamlakatimizda katta ko`lamda qurilishlar bo`lmoqda. Andijon, Namangan, Nukus va boshqa shaharlarda yangi shaharchalar barpo etilmoqda.

Shu tajriba asosida, Prezidentimiz tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun aeroport yaqinidan 110 gektar er ajratilgan. 

Joriy yil 7 fevral kuni o`tkazilgan taqdimotda shaharchaning umumiy konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Bu gal undagi har bir inshootning ichki mazmuni muhokama qilindi.

Loyihaga ko`ra, bu erda universitet, IT park, uylar, maktab va bog`cha, madaniyat va sport majmualari barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy sayilgohi bo`lib, buyuk allomaning yangi haykali o`rnatiladi.

Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini boshqarish bo`yicha komissiya tuzishga ko`rsatma berdi.

- Bu er shahar ichidagi shahar bo`ladi. Universitet, innovasion markaz va maktablar ilm va ta`lim klasterini tashkil etadi. Bu erda ishlovchilar uchun uy-joylar, ilmga asoslangan sanoat zonasi ham bo`ladi. Bu shaharchani shunga munosib qilib, sifatli qurish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Urganchdagi San`at muzeyi binosini rekonstruksiya qilib, ko`rgazma maydonini kengaytirish, Xivadagi Qo`g`irchoq teatrini zamonaviy binoga ko`chirish ham mo`ljallangan. Prezidentimiz yangi binolardan samarali foydalanish, ularda qo`shimcha xizmatlarni yo`lga qo`yib, daromad topishiga sharoit yaratish muhimligini ta`kidladi.

Kommunal sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi. Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirib, quyi tizimda samarali ishlatish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar