Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari “Sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida 10 kunda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Xabaringiz bor Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 15-martdan 15-mayga qadar “Sog`liqni saqlash va taʻlim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o`tkazilishi e`lon qilingan edi.
Shu vaqtga qadar aksiya doirasida soha bo`yicha adliya organlariga 490 ta murojaatlar kelib tushgan bo`lsa, shundan, 252 tasi (50%) qanoatlantirildi, 13 ta murojaat bo`yicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 3 ta murojaat tegishliligiga ko`ra vakolatli organlarga yuborildi. Hozirda 222 ta murojaattlar ko`rib chiqilmoqda.
Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (244 ta), Samarqand (108 ta), Jizzax va Buxoro (48tadan) viloyatlariga to`g`ri kelmoqda.
Murojaatlarni ko`rib chiqish jarayonida soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko`rildi. Jumladan, Kattaqo`rg`on shahar adliya bo`limi tomonidan fuqaro Y.Mamatovaning xalq ta`lim bo`limi tomonidan ustama to`lovlari to`lanmayotganligidan noroziligi to`g`risidagi murojaati ko`rib chiqilib, xodimga to`lanmagan 1 757 285 so`m ustama to`lovlarini undirish yuzasidan 2022-yil 24-mart kuni Fuqarolik ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritildi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro O`.O`razalievning Xovos tuman Xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 20-sonli umumta`lim maktabida yoshlar etakchisi bo`lib ishlaganligi, biroq ushbu shtat birligi qisqartirilganligi sababli ikki oylik kompensasiya pullari to`lab berilmaganligidan norozi bo`lib “Ishonch telefoni” orqali yo`llagan murojaatini o`rganib chiqish natijasi qonun hujjatlarining buzilishi, sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to`g`risida Sirdaryo viloyati xalq ta`limi boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan.
Mazkur taqdimnoma ijrosi bo`yicha fuqaro O`.O`razalievga 4 298 872 so`m miqdoridagi ikki oylik kompensasiya pullari to`lab berilishi ta`minlandi hamda Xovos tuman Xalq ta`limi bo`limi mudirining 2022-yil 18-martdagi 60-K-sonli buyrug`iga asosan tuman Xalq ta`limi bo`limi markazlashgan hisobxonasi hisobchisiga nisbatan “Xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanildi.
Aksiya doirasida hududiy adliya organlari tomonidan soha xodimlarining manfaati yuzasidan:
- 271 ta taqdimnoma;
- 49 ta ogohnoma;
- 38 ta ma`muriy;
- 1 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan taklif hamda sudlarga 195 ta 880,7 mln. so`mlik da`vo arizalari kiritildi.
Ko`rilgan ta`sir choralari natijasida taqdimnomalarga asosan 122 ta hujjatlar ijrosi to`xtatildi, 670,2 mln. so`m mablag`lar (ish haqi, ustama boshqa to`lovlar) soha xodimlariga undirib berildi.
Xususan, Xotazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan monitoring jarayonida Xorazm viloyat Ko`p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan 27 nafar tibbiyot xodimlariga 78,9 mln. so`m pul mablag`i to`lanmaganligi aniqlangan. Mazkur holatlar bo`yicha adliya boshqarmasi tomonidan Xorazm viloyat Ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga kiritilgan taqdimnoma asosan 27 nafar tibbiyot xodimlariga 78,9 mln. so`m pul mablag`lari to`lab berilgan.
Qarshi tumani tuman adliya bo`limi tomonidan tuman xalq ta`limi bo`limi va tizimdagi maktablarda faoliyat yuritayotgan “Sport targ`ibotchisi” vazifasi yuklatilgan 68 nafar xodimlarga ularning lavozim maoshlariga 20 foizlik ustamalari to`lab berilmayotganligi holati yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudiga 68 ta 304,9 mln. so`mlik da`vo arizalari kiritildi hamda da`vo arizalari sud tomonidan ko`rib chiqilib qanoatlantirildi.
Hozirda vazirlik tomonidan olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma`lumotli pedagog xodimlarning soni bo`yicha tegishli statistik ma`lumotlarni hududlar kesimida, shuningdek, ushbu toifadagi xodimlarga to`lanishi lozim bo`lgan bir martalik boshlang`ich yordam puli, uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensasiyasi, maxsus ustamalarning to`lanib borishi holati ham o`rganilmoqda.






