“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga ko`ra, moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda. Navbatdagi o`rganish “Guliston neft bazasi” MChJda o`tkazildi.
O`rganish davomida neft mahsulotlarining saqlanishi, iste`molchilarga etkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko`plab noo`rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.
Jamiyat va filial rahbariyati hamda muttasadi xodimlarining o`z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondoshishi oqibatida Jamiyatning 2022 yil 1 mart kuni holatiga jami debitor qarzdorlik 24 692,5 mln so`mni tashkil qilgan bo`lib, mas`ul xodimlar tomonidan vaqtida undirish choralari ko`rilmaganligi natijasida 9 089,2 mln so`m “umidsiz” qarzdorlikga aylanib ulgurgan.
Jamiyat mas`ul xodimlari tomonidan 3 226,9 mlrd. so`mlik neft mahsulotlari kamomadini yashirish maqsadida Klasterlar hamda faoliyat yuritilib turgan va tugatilgan fermer xo`jaliklariga to`lovsiz rasmiylashtirilib debitorlik qarzdorlikda aks ettirilgan.
Shuningdek, “Guliston neft bazasi” MChJ va Sirdaryo filiali qarashli AYoQShlar va FYoTShlarda jami 10 852 litr qiymati 98,2 mln so`mlik neft mahsulotlaridan kamomadi aniqlandi va amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur mablag`lar Jamiyat hisob raqamiga to`liq qaytarildi.
Sirdaryo filialning 2021 yilning sentyabr oyi hisobotlarida haqiqatda mavjud korxonalardan 146,5 mln so`mlik muddati o`tgan debitorlik qarzdorliklari asossiz ravishda hisobotdan chiqarilib, Jamiyatning zarariga olib borilgan.
Neftni qayta ishlash zavodining neft mahsulotlarini “mas`ul saqlash” yuzasidan tuzilgan shartnoma talablari buzilgan holda Zavodga qarashli mas`ul saqlashdagi 372,0 tonna EKO dizel yoqilg`isini belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olmasdan, asossiz iste`molchilarga sotib yuborilishiga yo`l qo`yilgan.
Jamiyat va filial mansabdor shaxslari tomonidan o`z mansab vakolatlarini suiste`mol qilgan holda Jamiyatning hisob raqamidan 419,6 mln so`m pul mablag`larini shaxsiy manfaatini ko`zlagan holda hech qanday asoslarsiz o`zlarining plastik kartalariga o`tkazgan va o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida aybdor xodimlardan Jamiyat hisob raqamiga to`liq qaytarildi.
Jamiyat mansabdor shaxsi tomonidan Jamiyat balansida bo`lgan jami 23 dona bozor qiymati jami 310,0 mln so`mlik sig`imlar asossiz hisobdan chiqarib Jamiyatga zarar etkazilgan.
“O`zbekneftgaz” AJ tizimida manfaatlar to`qnashuvini oldini olishga qaratilgan keng ko`lamli amaliy ishlarga qaramasdan Jamiyat mansabdor shaxslar tomonidan O`zbekiston
Respublikasi qonun xujjatlariga zid ravishda jami 2 696,6 mln so`mlik manfaatlar to`qnashuvi holatlari ya`ni o`zlarining yaqin qarindoshlariga tegishli bo`lgan korxonalarga neft mahsulotlarini berib yuborish hamda xarid qonunchiligiga zid ravishda shartnomalar tuzish holatlari aniqlangan.
Aniqlangan holatlar bo`yicha kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o`rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.






